O‘zbekistonning “chuqur texnologiyalar” (DeepTech) sohasidagi startaplari Hello Tomorrow Challenge 2026 musobaqasida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu haqda IT Park huzuridagi Startup Base platformasi ma’lum qilmoqda.
Tanlov ilg‘or hisoblash texnologiyalari, biotexnologiyalar, kiberxavfsizlik, energetika va iqlim yechimlarini ishlab chiqish, transport, qurilish, sun’iy intellekt, aerokosmik soha, yangi materiallar yaratish kabi yo‘nalishlarda innovatsion ishlanmalarni topish maqsadida o‘tkazilmoqda. Jami 15 ta yo‘nalish ochilgan.
Har yili tanlovda qatnashish uchun 4500 ta jamoadan arizalar keladi, ularning 850 tasi “pionerlar” (Deep Tech Pioneers) maqomiga erishadi. Dastur g‘oliblari va bitiruvchilari o‘rtacha 27 milliard yevrodan ortiq mablag‘ jalb qilishga muvaffaq bo‘lishadi.
Deep Tech Pioneers maqomidagi loyihalar quyidagilarni oladi:
- 1300 dan ortiq venchur investorlar tarmog‘iga va Hello Tomorrow global bitimlar oqimiga kirish imkoniyati;
- korporativ innovatsiyalar bazasidagi o‘rni;
- DeepTech sohasidagi xalqaro hamkorlik va yirik tadbirlarda ishtirok etish imkoniyati;
- 2026-yil iyun oyida Amsterdamda bo‘lib o‘tadigan tanlov finalida o‘z loyihasini taqdim etish imkoniyati.
Tadbirda dunyoning 120 dan ortiq mamlakatidan ta’sischilar mutlaqo bepul ishtirok etishlari mumkin. Bosh sovrin egasi 100 ming yevro, Public Choice mukofoti sohibi 20 ming yevro, Emerging Pioneer mukofoti uchun to‘lov esa 10 ming yevroni tashkil etadi.
Tanlovda qatnashish uchun Startup Base orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Batafsil ma’lumotni Hello Tomorrow veb-saytidan olish mumkin.
Avvalroq YTTBning Star Ventures startaplarni qo‘llab-quvvatlash dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.
Yuqori o‘sish salohiyatiga ega loyihalar uchun dastur 2 yil davom etadi. Arizalarni 30-noyabrgacha yuborish mumkin.
