Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan “Raqamli prokuratura — 2030” strategiyasi tasdiqlangandi. Bu prokuratura faoliyatini elektronlashtirish, tergov va tekshiruv jarayonlarida shaffoflikni oshirish, hamda sun’iy intellekt texnologiyalari orqali ish samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan.

Tizim bosqichma-bosqich joriy etiladi va 2026−2027-yillarda to‘liq ishga tushishi rejalashtirilgan. 2026-yil 1-dekabrdan tekshiruv reyestri majburiy bo‘ladi — reyestrdan o‘tmagan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.

Spot TDYU Kiber huquq kafedrasi mudiri o‘rinbosari Islombek Abdixakimov va huquqshunos Amirjon Mardonov bilan bu tizim fuqarolar va idoralar uchun qanday foyda keltirishini tahlil qilishdi.


Muammo nimada?

Hozirda tergovchilarning ishini baholash bo‘yicha yagona tizim yo‘qligi, hisobotlarning “qo‘lda” yuritilishi va jinoyat ishlarining hali ham qog‘oz shaklida saqlanayotgani ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

TDYU mutaxassisi Abdixakimovning aytishicha, qog‘ozbozlik va takroriy amallar idoralararo ma’lumot almashinuvida izchillik yo‘qligini ko‘rsatadi va fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchi pasayishiga olib keladi.

So‘nggi statistikaga ko‘ra, yil boshidan buyon tergov organlari tomonidan 1300 ta qarorda protsessual tartiblarga amal qilinmagan, va kamchiliklar tufayli 637 ta jinoyat ishining materiallari sudlar tomonidan tergovga qaytarilgan.

Yangi tizim qanday ishlaydi?

“Raqamli prokuratura — 2030” strategiyasining asosiy maqsadi — prokuratura faoliyatini elektronlashtirish va sun’iy intellekt tizimlarini joriy etish. Ekspertlar tizimning eng muhim afzalliklarini shunday belgilashadi:

  • Elektronlashtirish va “E-tergov” tizimi: hujjatlar qog‘oz shaklidan elektron formatga o‘tadi, tergov va tekshiruv bosqichlari reestrda saqlanadi.
  • Idoralararo ma’lumot almashuvi va raqamli nazorat: barcha organlar yagona platforma orqali ma’lumot oladi, har bir protsessual harakat “raqamli iz” qoldiradi.
  • Sun’iy intellekt yordamida tahlil: tizim xatolarni aniqlash va jinoyatlarni erta aniqlash imkonini beradi.

Amirjon Mardonov tizim fuqarolarga ariza topshirish va hujjat rasmiylashtirishni tezlashtirish imkonini beradi. Har bir harakat elektron tarzda qayd etilgani uchun shaffoflik oshadi va manipulyatsiya imkoniyati kamayishini ta’kidladi.

Bundan nima foyda?

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, “Raqamli prokuratura — 2030” tizimi nafaqat idoralar ishini samarali qiladi, balki fuqarolarga ham sezilarli qulayliklar taqdim etadi.

Avvalo, ariza topshirish va hujjat rasmiylashtirish jarayoni ancha tezlashadi, endi uzoq navbatlarda yoki qog‘ozbozlik bilan vaqt sarflashning hojati yo‘q.

Shuningdek, har bir protsessual harakat elektron tarzda qayd etilishi tufayli jarayonlar shaffof bo‘ladi va noto‘g‘ri qarorlar chiqarish yoki manipulyatsiya qilish imkoniyati sezilarli darajada kamayadi.

Natijada idoralararo ma’lumot almashinuvi soddalashib, kechikishlar kamayadi va fuqarolar masalalarining tezroq hal etilishi ta’minlanadi.

Huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati ko‘pincha murakkab, ko‘p bosqichli hamda vaqt talab qiladigan jarayon. Bunday tizimlarda qog‘ozbozlik, takroriy amallar, noto‘g‘ri hujjatlashtirish, idoralararo sust ma’lumot almashinuvi yoki inson omiliga bog‘liq xatolar keng uchrab turadi.

Bu esa Islombek Abdixakimov va Amirjon Mardonov qayd etishicha, nafaqat tizim samaradorligini, balki fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini ham pasaytiradi. “Raqamli prokuratura — 2030” strategiyasi aynan mana shu muammolarni ildizidan bartaraf qilishga qaratilgan.

Tizimning samaradorligi

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, elektronlashtirish va raqamli tizimning afzalliklari quyidagicha:

  • Elektronlashtirish prokuratura ish samaradorligini oshirib, jarayonlarni shaffoflashtiradi. Qog‘ozbozlik va takroriy amallarni kamaytirish tizim samaradorligini sezilarli darajada yaxshilaydi.

  • Sun’iy intellekt tizimi jinoyatlarni erta aniqlash imkonini beradi va noto‘g‘ri qarorlar chiqarilish xavfini kamaytiradi, jarayonlarda shaffoflikni oshiradi va manipulyatsiya imkoniyatlarini cheklaydi.

  • Tizim samaradorligi xodimlarning texnologiyaga moslashuv darajasiga bog‘liq, shuningdek, ichki nazorat va malaka oshirish tizimlari ham muhim ahamiyatga ega.

Kutilmalar. “Raqamli prokuratura — 2030” O‘zbekistonda tergov va prokuratura faoliyatini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan. Agar strategiya muvaffaqiyat bilan amalga oshsa, idoralar ish samaradorligi oshadi, shaffoflik kuchayadi va fuqarolar bilan davlat organlari o‘rtasidagi ishonch yangi bosqichga ko‘tariladi.


Mualliflar va tahririyat fikri farqlanishi mumkin.