Hukumat qarori bilan Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanalida xabar berildi.
Uyda yakka tartibda o‘qitiladigan o‘quvchilarni o‘qitgani uchun maktab o‘qituvchilariga BHMning 1 baravari (412 ming so‘m) miqdorida oylik yo‘l kompensatsiyasi to‘lanadi.
Bunda bir xil yoshdagi va bitta manzildagi ikki va undan ortiq o‘quvchilarni o‘qitish ham amal qiladi.
Kompensatsiya maktabdan o‘quvchining uyigacha masofa kamida 1,5 km bo‘lganda to‘lanadi. Uyda o‘qitilayotgan o‘quvchilarga biriktirilgan o‘qituvchilarga to‘lov ularning oylik amaliy dars soatlari ulushiga mutanosib belgilanadi.
Shuningdek, davlat bog‘cha tarbiyachisi hamda tibbiyot hamshiralari vaqtincha ishda bo‘lmagan davrda ularning vazifasini bajarish uchun ichki buyruqlar o‘rindoshlik asosida rasmiylashtiriladi.
Bunda bajarilgan ish uchun 100% miqdorda (boshqa lavozimlar uchun 50% miqdorda) ish haqi to‘lanadi.
Mazkur holatda o‘rindoshlik asosida faoliyat yuritgan xodimning jami ish yuklamasi 1,5 stavkadan ortiq bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Spot, avvalroq, kambag‘al oilalar farzandlari uchun xususiy bog‘chalar to‘lovining bir qismi qoplab berilishi haqida yozgandi.
