Avvalroq prezident Milliy statistika qo‘mitasining hisoboti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda isteʼmol narxlari indeksini tuzishda maʼlumotlarni qo‘lda yig‘ish amaliyotidan voz kechib, AT va sunʼiy intellekt texnologiyalariga bosqichma-bosqich o‘tish zarurligi taʼkidlandi.

Milliy statistikani zamonaviy va xalqaro darajada tan olinadigan tizimga aylantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Xalqaro Deloitte konsalting kompaniyasi tomonidan 23 ta tashabbus va 70 ta loyiha ishlab chiqilgani aytildi. Ularni bosqichma-bosqich amalga oshirish statistikaning aniqligi, tezkorligi va shaffofligini oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, Jahon banki bilan birgalikda 2030-yilgacha bo‘lgan davrda statistikani rivojlantirish milliy strategiyasi ishlab chiqilmoqda.

Kelgusi yil yanvar oyida boshlanadigan aholini ro‘yxatga olish ishlariga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

Hozirgacha 9008 ta mahalla bo‘yicha tashkiliy rejalar tasdiqlandi, ro‘yxatga olishda ishtirok etuvchi 60 ming nafardan ziyod “mahalla yettiligi” vakillari va masʼul xodimlari uchun maxsus o‘quv kurslari o‘tkazildi.

Ro‘yxatga olish elektron shaklda — maxsus portal orqali o‘tkaziladi. Maʼlumotlar portalga ro‘yxatga oluvchilar tomonidan uyma-uy yurib, planshet qurilmalari yordamida kiritiladi. Jarayonlar geoaxborot tizimi orqali monitoring qilib boriladi. Buning uchun ro‘yxatga olinadigan xonadonlar va turar joylarning geomanzillari shakllantirildi.

Davlat rahbariga hududlarda bu boradagi ishlarning tayyorgarlik holati yuzasidan hisobot berildi.

Ro‘yxatga olish jarayonlarini yana-da takomillashtirish yo‘llari, shu jumladan, raqamli platformalardan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish, xorijga ishlash, o‘qish yoki xizmat safariga ketgan fuqarolarni ro‘yxatga olish, uyma-uy va onlayn to‘plangan maʼlumotlarni integratsiya qilish bo‘yicha aniq yechimlar ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Prezident aniq, tezkor va ishonchli statistika davlat siyosatini belgilash, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishning muhim omili ekanini qayd etib, sohani strategik yondashuv asosida transformatsiya qilishni davom ettirish topshirildi.

Mutasaddilarga aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish 2026-yil 15-yanvar holatiga ko‘ra, ushbu sanadan 28-fevralga qadar o‘tkaziladi. Tadbir uchun “mahalla yettiligi” tizimi xodimlari 2025-yil 15-dekabrdan kelasi yil 1-martgacha bo‘lgan davrda jalb etiladi.


Avvalroq O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot ulushini 29% gacha kamaytirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.