Kartoshkaning mini-tuganaklariga oid shartnomalarni hisobga olish tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Hujjatga ko‘ra, har yili 1-martgacha kartoshkaning “in-vitro” o‘simligi, mikro va mini-tuganaklarini tayyorlashga oid hududlar va subyektlar tanlab olinadi. Tanlovda yuqori avlodli urug‘lik kartoshka yetishtirish bo‘yicha belgilangan talablarga javob beruvchilargina ishtirok eta oladi.

G‘olib bo‘lgan kartoshka yetishtiruvchilar 3 ish kunida E-urug‘ axborot tizimida yuqori avlodli urug‘lik kartoshka yetishtiruvchi subyektlar reyestriga kiritiladi.

Tanlov natijalari haqida axborot eʼlon qilinganidan keyin 5 ish kuni ichida g‘olib kartoshka yetishtiruvchi subyektlar bilan shartnoma tuziladi. Shartnomalar ilmiy muassasa va tadbirkorlar o‘rtasida AgroDocs axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi.

Bunda ushbu shartnoma imzolanganidan so‘ng E-urug‘ axborot tizimida avtomatik ravishda hisobga olinadi.

AgroDocs axborot tizimi orqali tuzilgan shartnomalar o‘zgartirilgan yoki bekor qilingan taqdirda bu haqidagi maʼlumotlar E-urug‘ axborot tizimida avtomatik ravishda aks ettiriladi.

Joriy yilning dastlabki 8 oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston kartoshka importini oshirgandi. Uning asosiy yetkazib beruvchisi Pokiston bo‘lgan.


Spot, avvalroq, O‘zbekistonda 2026-yil aprelidan kartoshka chipslariga aksiz solig‘i joriy etilishi mumkinligi haqida yozgandi.