Avvalroq prezidentning O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirishga qaratilgan qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi. Hujjat bilan Markaziy bank huzurida ustav fondi $50 mlnlik venchur fond tashkil etiladi.

Qaror bilan tasdiqlangan 2025−2026 yillarda moliyaviy texnologiyalar sohasini qo‘llab-quvvatlash dasturiga muvofiq, Markaziy bank raqamli vositasi valyutasini to‘lov sifatida qo‘llash bo‘yicha tajriba-sinovni o‘tkazish uchun “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.

2026-yilning 1-apreliga qadar xalqaro konsalting kompaniyalari tavsiyalarini inobatga olgan holda Markaziy bank raqamli valyutasini joriy etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi berildi.

Mazkur topshiriq ijrosi uchun mas’ul etib Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori Dmitriy Li hamda Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Pulatov belgilandi.

Joriy yilning sentabr oyida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov barcha markaziy banklar kabi raqamli valyutalar borasida o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgandi. U raqamli valyutalar bo‘yicha yuqori kutilmalar mavjudligini ta’kidlab, Markaziy bank o‘z raqamli valyutasini chiqarish haqida o‘ylashi kerakligini qayd etdi.

Raqamli valyuta aholi va biznesning chakana to‘lovlari, Markaziy bank va banklar o‘rtasidagi operatsiyalar hamda Markaziy bankning boshqa davlatlar bilan tranzaksiyalarida qo‘llanilishi mumkin. Regulyator raisi barcha variantlarni o‘rganib, sinovdan o‘tkazish istagi mavjudligini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq O‘zbekistonda 2026-yildan steyblkoinlarni tartibga soluvchi maxsus rejim joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, rezident yuridik shaxslarga tokenlashtirilgan aksiya va obligatsiyalarni emissiya qilishga ruxsat beriladi.