Avvalroq prezident byurokratiyani bartaraf etish va sun‘iy intellektga bag‘ishlangan xalqaro forumlar ochilishida nutq so‘zlagani haqida xabar berilgandi.

Davlat rahbari mamlakatda raqamli transformatsiyani tezlashtirish, sun‘iy intellektni barcha sohalarga joriy etish va yoshlar uchun yangi texnologik imkoniyatlar yaratishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda sun‘iy intellekt va raqamli texnologiyalar jadal rivojlanib, sohaga qariyb $2 mlrd investitsiya jalb etildi, IT eksporti esa 4,5 baravar oshib, $1 mlrdga yaqinlashdi. IT bo‘yicha OTMlar soni 145 taga yetdi, 2 mlndan ortiq yoshlar “Bir million dasturchi” loyihasida o‘qitildi, 20 mingdan ziyod informatika o‘qituvchisi MIT bilan hamkorlikdagi kurslarda malakasini oshirmoqda.

Raqamli tibbiyot natijasida 50 ming bemorga aniq tashxis qo‘yildi, xizmatlar vaqti 5−7 baravar tezlashdi. Qoraqalpog‘istondagi mammografiya tekshiruvlarining 70%i mahalliy SI orqali tahlil qilinib, 98%i shifokorlar tomonidan tasdiqlandi — tashxis muddati bir necha kundan 2 soatga qisqardi.

Startaplar soni 10 baravar oshdi, ularga $300 mln investitsiya yo‘naltirildi. Shuningdek, Saudiya Arabistoni bilan qiymati $3 mlrd bo‘lgan birinchi “yashil” ma‘lumotlar markazi qurilishi boshlandi.

Davlat rahbari sun‘iy intellekt sohasini rivojlantirish bo‘yicha rejalarni aytdi. Nvidia kompaniyasi bilan superkompyuter klasteri ishga tushiriladi, AQShning Kremniy vodiysida Milliy transfer ofisi ochiladi. Barcha hududlardagi “Kelajak markazlari"da SI bo‘yicha maktab dasturi joriy qilinadi.

Maktablar o‘rtasida har yili sun‘iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap g‘oyalari bo‘yicha tanlov o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Har bir hududda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan maktabda eng zamonaviy sun‘iy intellekt laboratoriyasi tashkil etiladi.

Sun‘iy intellekt bo‘yicha Prezident tanlovi tashkil etiladi. Har yili 100 nafar eng iqtidorli yoshlar saralab olinib, AQSh, BAA, Yevropaning ilg‘or texnologik kompaniyalariga stajirovkaga yuboriladi.

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yirik tashabbus — “5 mln sun‘iy intellekt yetakchilari” loyihasiga start beriladi. 2030-yilga qadar 4,75 mln o‘quvchi va talaba, 150 ming o‘qituvchi, 100 ming davlat xizmatchisi o‘qitiladi. Bunda sun‘iy intellekt maktab, kasb ta‘limi va oliy ta‘lim tizimlariga ham integratsiya qilinadi.

“Ishonamanki, „5 million sunʼiy intellekt yetakchilari“ dasturi kelgusida iqtisodiyot drayveriga aylanib, mamlakatimizning jadal taraqqiyoti uchun shiddat bag‘ishlaydi”, — dedi prezident.

Har yili noyabr oyi “Yoshlar uchun sun‘iy intellekt oyligi” deb e‘lon qilinadi va doimiy ravishda “Ipak yo‘li sun‘iy intellekt forumi” o‘tkazib boriladi.


Spot, avvalroq, O‘zbekistonda byurokratiyani bartaraf etish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqilgani haqida yozgandi.