Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2025-yilning oktyabr oyidagi yig‘ilishlarida (7 marta) 24 ta masala ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida jami 14 ta masala ko‘rib chiqildi. Ularning ichida kredit tashkilotlari ustaviga o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, yangi mikromoliya tashkilotlarini hisobga olish va ayrimlarini reyestrdan chiqarish kabi masalalar mavjud.

Shuningdek, kredit tashkilotlari ustav fondidagi ulushga egalik qilishga ruxsat berish va tijorat banklari rahbariyati hamda muhim xodimlar nomzodlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha 5 ta masala muhokama qilindi.

Kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 10 ta masala ham ko‘rib chiqildi. Ularda Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me‘yorlariga rioya etilishi, tijorat banklari hamda mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, iste‘molchilar huquqlarini himoya qilish va jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish hamda ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishga qarshi kurashish masalalari ham muhokama etildi.

Prudensial talablar buzilgani va faoliyat qonunchilikka to‘liq moslashtirilmagani, shuningdek inspeksiya davomida topilgan kamchiliklar sababli 1 ta bank va 1 ta to‘lov tashkiloti ogohlantirildi. Ularning faoliyatiga nisbatan chora va sanksiyalar qo‘llanishi mumkinligi belgilandi.

Markaziy bank talablari va inspeksiya tekshiruvlari davomida qoidalar buzilgani aniqlandi. Jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarkatishga qarshi qoidalar buzilgani uchun 3 ta bank, 5 ta mikromoliya tashkiloti va 2 ta to‘lov tashkilotiga jarima sanksiyalari qo‘llanildi. Bu choralar moliya sektorida xavfsizlik va shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan.

Tezpay va National pay AJlarda aniqlangan qoidbuzarliklar sababli ularning ayrim to‘lov xizmatlari va operatsiyalarini amalga oshirish faoliyati cheklandi.

Jumladan, elektron to‘lovlarga ishlov berish, bankka to‘lov uchun zarur axborotni taqdim etish va pul mablag‘larini qabul qilish xizmatlari vaqtincha to‘xtatildi. Bu cheklovlar 13-noyabrdan boshlab olti oy muddatga joriy etildi.


Spot, avvalroq, Markaziy bank huzurida ustav fondi $50 mlnlik venchur fond tashkil etilishi haqida yozgandi.