Avvalroq prezidentning O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirishga qaratilgan qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi. Hujjat bilan 2025−2026 yillarda moliyaviy texnologiyalar sohasini qo‘llab-quvvatlash dasturi tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetovga joriy yilning dekabriga qadar fuqarolarga o‘z maoshini oladigan bank yoki elektron hamyon provayderini mustaqil tanlash huquqini berishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Majburiy mijozlar auditoriyasidan voz kechgan holda foydalanuvchilarga bank kartasini ochish tanlovini yaratish ko‘zda tutilgan. Bundan maqsad chakana bank va to‘lov xizmatlari bozorida raqobatni rag‘batlantirishga qaratilgan.
2026-yilning iyun oyigacha Markaziy bank tomonidan boshqariladigan to‘lov tizimlarida ommaviy (to‘plamli) to‘lovlar funksiyasini joriy etish belgilandi.
Avvalroq Markaziy bank 1-fevralgacha Tezkor to‘lovlar tizimida P2P o‘tkazmalarini ishga tushirishi haqida xabar berilgandi. U orqali fuqarolar mobil raqamdan foydalangan holda bank hisobvarag‘idan to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazmalarini yuborishlari mumkin bo‘ladi.
