Rossiyada xorijiy raqamlardan kiruvchi qo‘ng‘iroqlarni taqiqlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda senator Artyom Sheykinga tayanib, TACC nashri xabar bermoqda.
Firibgarlarga qarshi kurashishga qaratilgan tayyorlanayotgan qonun loyihasi doirasida kiruvchi xalqaro qo‘ng‘iroqlarni taqiqlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Sheykinning so‘zlariga ko‘ra, chet elliklardan qo‘ng‘iroqlarni taqiqlash firibgarlarga qarshi turish uchun kerak. Taqiq majburiy bo‘lmaydi — uni har bir abonent o‘z xohishiga ko‘ra faollashtirishi mumkin. Agar taqiq qo‘yilgan bo‘lsa, odam faqat Rossiya SIM-kartasidan qo‘ng‘iroq qila oladi.
Taqiqni yoqmaganlar uchun raqamning xorijiy kelib chiqishini ko‘rsatadigan maxsus belgi paydo bo‘ladi. Shunda abonentning o‘zi chet eldan kelgan qo‘ng‘iroqni qabul qilish yoki qilmaslikni hal qiladi.
“Aytgancha, kiberfiribgarlarga qaytadigan bo‘lsak, tashabbuslardan biri xalqaro raqamlardan kelayotgan qo‘ng‘iroqlarni taqiqlashdir. <...> Bu yerda, aksincha, ruxsat beruvchi xususiyat mavjud, sodda qilib aytganda, abonent xorijiy raqamlardan kelayotgan qo‘ng‘iroqlarni o‘zi taqiqlay oladi. Boshqa hollarda barcha xalqaro qo‘ng‘iroqlar maxsus belgi bilan ajratib ko‘rsatiladi. Bu chora foydalanuvchilarni chet eldan keladigan firibgarlik qo‘ng‘iroqlaridan himoya qilish imkonini beradi”, — dedi Sheykin.
Senator aniqlik kiritishicha, yangi tashabbus hozirda muhokama bosqichida turibdi.
Avvalroq Spot Qozog‘istonda mobil raqamlarni faqat davlat portali orqali berish taklif etilgani haqida yozgandi.
Shuningdek, bir kishiga beriladigan SIM-kartalar sonini cheklashni taklif qilinmoqda. Mazkur cheklovlar firibgarlikka qarshi kurash bilan izohlandi.
