O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi AQSHdagi fuqarolarni ogohlantirdi. Bu haqda TIV matbuot kotibi Axror Burxonov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

So‘nggi kunlarda Qo‘shma Shtatlari bo‘ylab federal migratsiya organlari tomonidan kuchaytirilgan reydlar o‘tkazilmoqda.

Tekshiruvlarda haydovchilik guvohnomalarining haqiqiyligi, hujjatlarning muddati va qonuniyligi, ish huquqi va migratsion maqom hamda haydovchilarning ingliz tilini bilish darajasi o‘rganilmoqda.

Qayd etilishicha, AQSH hukumati noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashni kuchaytirgani sababli federal yo‘llarda keng vakolatlar asosida faol reydlar o‘tkazilmoqda. Ba’zi ushlangan shaxslar bir nechta haydovchilik guvohnomasidan foydalanish yoki terrorizmga oid gumonlar bilan tilga olinmoqda.

Vazirlik shundan kelib chiqib, AQSHda avtomobil boshqarayotgan fuqarolardan hujjatlarni tartibga keltirish hamda qonuniy maqomni tasdiqlovchi hujjatlarni o‘zlari bilan olib yurishni so‘radi.

Bundan tashqari, shubhali yoki muammoli holatlarda O‘zbekistonning AQSHdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga murojaat qilish mumkinligi eslatib o‘tilgan.

Avvalroq Rossiyada migrantlar uchun tibbiy sug‘urta polisini olish qoidalari qat‘iylashtirilgani haqida xabar berilgandi. Bunda migrantlar mamlakatda kamida besh yil qonuniy mehnat qilganidan keyingina bepul tibbiy yordam olish huquqiga ega bo‘ladilar.