AQSH 19 ta davlat fuqarolariga berilgan grin-kartalarni qayta ko‘rib chiqadi, deya xabar bermoqda CNN nashri Fuqarolik va immigratsiya xizmatiga tayanib.

Ro‘yxatdan Afg‘oniston, Turkmaniston, Birma, Chad, Kongo, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan, Yaman, Burundi, Kuba, Laos, Serra-Leone, Togo va Venesuela o‘rin olgan.

Avvalroq Donald Tramp barcha “uchinchi dunyo mamlakatlari"dan AQSHga bo‘ladigan migratsiyani “doimiy to‘xtatib qo‘yish"ga va’da bergandi.

Tramp bu haqda Oq uy yaqinida Milliy gvardiya askarlariga uyushtirilgan qurolli hujumdan so‘ng xabar berdi. Hujumda Afg‘oniston fuqarosi gumonlanmoqda.

Qayd etilishicha, otishmadan so‘ng AQSH hukumati Afg‘oniston fuqarolarining barcha immigratsiya so‘rovlarini ko‘rib chiqishni vaqtincha to‘xtatgan.

AQSH prezidenti o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi kengaytirilgan postida migrantlarni keskin tanqid qildi va pauza ko‘plab amerikaliklarning “yutuqlari va turmush darajasini” yo‘qqa chiqargan immigratsiya siyosatidan keyin “Amerika tizimi to‘liq tiklanishiga” imkon berishini aytdi.

U aynan qaysi davlatlarni uchinchi dunyo davlatlari qatoriga kiritayotganiga aniqlik kiritmagandi.

Tramp qochqinlarni “Amerikadagi ijtimoiy tarqoqlikka” sababchi bo‘lganlikda aybladi va AQSHga “foyda keltirmaydigan har qanday odamni” chiqarib yuborishga va’da berdi.

Noyabr boshida AQSh Davlat departamenti Diversity Visa (DV) vizasini olish uchun ariza topshirish jarayoniga ayrim o‘zgartirishlar kiritayotgani haqida xabar berilgandi.

“Biz DV-2027 uchun ro‘yxatdan o‘tish boshlanadigan sanani va DV-2027 uchun tanlov natijalari ariza holatini tekshirish tizimi (ESC) orqali ma’lum bo‘ladigan sanani iloji boricha tezroq e’lon qilamiz”, — deyiladi xabarda.

Ushbu o‘zgarishlar DV-2027'da ishtirok etish uchun tanlangan shaxslarning viza olish uchun ariza topshirish muddatiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Bu muddat 2026-yil 1-oktabrdan 2027-yil 30-sentabrgacha o‘zgarishsiz qoladi.

AQSH Davlat departamenti Green Card (Diversity Visa — turli millat vakillari uchun viza) lotereyasi uchun to‘lov joriy etdi. Bu haqda AQSH Federal reyestridan ma’lum bo‘ldi.

Konsullik ishlari byurosi xizmatlari uchun to‘lovlar jadvaliga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan 2025-yil 16-sentabrdan boshlab DV dasturiga ro‘yxatdan o‘tish uchun $1 miqdorida to‘lov belgilandi.

Hozirgacha lotereya boshqaruvi xarajatlari faqat tanlab olingan arizachilardan olinadigan $330 miqdoridagi viza uchun ariza to‘loviga qo‘shib kelinardi. Endilikda bu xarajatlarning bir qismi bevosita barcha ishtirokchilardan olinadigan $1 miqdoridagi ro‘yxatdan o‘tish to‘lovi orqali qoplanadi.

Bu o‘zgarish orqali lotereyani boshqarish xarajatlari “yanada adolatli taqsimlanishi va asossiz arizalar kamayishi” kutilmoqda. Qayd etilishicha, bu dastur xarajatlarini bevosita undan foyda ko‘rishni istaganlarga yuklash orqali tizimni yanada shaffof qiladi.

Yangi qoidaga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tish to‘lovi elektron shaklda, AQSH hukumatining maxsus to‘lov portali orqali amalga oshiriladi.

Bunda Green Card qo‘lga kiritganlardan olinadigan ariza topshirish uchun to‘lovlar ($330) saqlanib qoladi, biroq unda lotereya tizimini yuritish xarajatlari hisobga olinmaydi.


Avvalroq Spot TIV AQSHdagi o‘zbekistonliklarni kuchaytirilgan reydlar haqida ogohlantirgani haqida yozgandi.

Federal migratsiya organlari mamlakatda noqonuniy bo‘lish holatlari qarshi reydlarda haydovchilik guvohnomalari, shaxsiy hujjatlar va ingliz tilini bilish darajasini tekshiradi.