YouTube endi keng miqyosda foydalanuvchilardan yoshini tasdiqlashni talab qilmoqda, deya xabar berdi Kod Durova nashri.

Buning uchun pasport skani va selfi yuborish so‘ralmoqda. Bu talab MDH hududidagi akkauntlarga ham qo‘llanmoqda.

Yosh cheklovlari qo‘yilgan videolar ochilganda, yoshni tasdiqlash talabi haqida quyidagi ogohlantirish paydo bo‘ladi:

“Bu videoni ko‘rish uchun, iltimos, qo‘shimcha ma’lumot taqdim eting — biz sizning voyaga yetganligingizni tasdiqlashimiz kerak”

yoshni tasdiqlash, youtube

Kod Durova o‘quvchilari bunday talab Yevropa va Belarusdagi akkauntlarda ham chiqayotganini tasdiqlamoqda. Yoshni majburiy tasdiqlash bo‘yicha yangi tartib YouTube’ga xorijiy IP-manzillar orqali kirayotgan rossiyaliklarga ham ta’sir qilishi mumkin.

YouTube yoshni tasdiqlash uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjat — masalan, pasport yoki haydovchilik guvohnomasi — nusxasini yuborishni taklif qilmoqda.

Shuningdek, foydalanuvchidan selfi qilish so‘raladi — kompaniya bunda yoshni aniqlash uchun maxsus xizmat ko‘rsatuvchi tashqi kompaniyadan foydalanadi. Bundan tashqari, YouTube bank kartasi ma’lumotlari va elektron pochta manzilini kiritishni ham taklif qiladi.

Google elektron pochta manzilini tashqi hamkori VerifyMy’ga uzatadi. VerifyMy esa bu manzilni foydalanuvchi ilgari foydalangan saytlar va ilovalarni tekshirish maqsadida o‘zining tashqi hamkorlariga yuboradi.

Bunday talablar Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqidagi internet foydalanuvchilarining yoshini tekshirishni talab etuvchi qonunchilik tashabbuslariga bog‘liq bo‘lishi mumkin.


Avvalroq Spot YouTube asosiy tasmadagi tartibsizlikni tuzatadigan funksiya ustida ishlayotgani haqida yozgandi.

Funksiya algoritmlar noto‘g‘ri, qiziqishlarga mos kelmaydigan videolarni tavsiya qilgan holatlarni tuzatishga qaratilgan.