Android uchun ChatGPT mobil ilovasining beta-versiyasida servisga reklama ko‘rsatish mexanizmlarini joriy etishga tayyorgarlik ketayotganini ko‘rsatadigan kod topildi. Bu haqda Bleeping Computer (BC) xabar berdi.

1.2025.329 versiyasida “qidiruv reklamasi” va “reklama karuseli” kabi funksiyalarga bevosita havolalar topildi. Bu internet iqtisodiyotini tubdan o‘zgartirishi mumkin, chunki shu paytgacha OpenAI ning suhbat boti deyarli reklama bannerlaridan holi bo‘lib kelgan edi.

“Agar hozirda Google foydalanuvchilar nimani qidirayotganini bilsa, ChatGPT ularning fikrlarini tushunadi, bu esa maqsadli reklama uchun misli ko‘rilmagan imkoniyatlarni yaratadi. Dastlab reklama modullari xuddi Googledagi kabi faqat qidiruv funksiyalariga joylashtirilishi kutilmoqda, biroq kelajakda bu sun’iy intellekt bilan boshqa turdagi muloqotlarga ham tarqalishi mumkin”, deb hisoblaydi Bleeping Computer.

Nashrning fikricha, xizmat auditoriyasining tez sur’atda o‘sishini hisobga olgan holda, bunday qadam raqamli bozorga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, har hafta taxminan 800 mln kishi ChatGPT’dan foydalanmoqda va kuniga 2,5 mlrdga yaqin so‘rov ushbu xizmat orqali amalga oshirilmoqda. Qayd etilishicha, eng yirik foydalanuvchilar bazasi AQShni ortda qoldirib, Hindiston bo‘ldi.

Avgust oyida ChatGPT rahbari Nik Terli ChatGPT’da reklama paydo bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagandi.

Terli podkast doirasida The Verge nashriga intervyu berdi. U aytishicha, kompaniya saytni ishchi holatda saqlab tura olmaganda, talabni qondirish maqsadida ChatGPT shartli bepul monetizatsiya modeliga o‘tgan.

Bundan tashqari, u to‘lovli foydalanuvchilar soni 5 mlndan oshganini ta’kidladi, bir necha oy oldin ularning soni 3 mln edi. U bepul foydalanuvchilarni kompaniya uchun “og‘ir yuk” deb hisoblamaydi.

Agar OpenAI sun’iy intellekt tizimiga reklama kiritishga qaror qilganda, kompaniya “ehtiyotkorlik va mulohaza bilan” ish tutgan bo‘lardi. Terli ChatGPT “boshqa manfaatdor tomonlarning aralashuvisiz eng maqbul javobni” berishini yana bir bor ta’kidladi.

Ishlab chiquvchining ta’kidlashicha, javoblarning xolisligi va foydaliligini saqlagan holda reklama berish usullari, shubhasiz, mavjud.

Ammo u “bu butunlay yangi yondashuv bo‘lib, uni juda ehtiyotkorlik va o‘ta sinchkovlik bilan joriy etish talab etiladi” deb qo‘shimcha qildi.


Avvalro Spot ChatGPT butun dunyo bo‘ylab guruh chatlarini ishga tushirgani haqida yozgandi.

Guruh chatlari bir nechta odamning bitta dialogda model bilan muloqot qilishiga, umumiy xabarlar tarixini ko‘rishiga va fayllarni ulashishiga imkon beradi.