2025-yilning yanvar-noyabr oylarida o‘zbek so‘mi AQSH dollariga nisbatan sezilarli darajada mustahkamlandi. Bu haqda Spot o‘rgangan Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.
Noyabr oyida milliy valyuta dollarga nisbatan 122,92 so‘mga yoki 1,02% ga qimmatlashib, 11902,3 so‘mni tashkil etdi. Oyning birinchi yarmida valyuta kursi 12 ming so‘mlik psixologik ko‘rsatkichdan yuqori bo‘ldi. Biroq, ikkinchi yarmida milliy valyuta mustahkamlana boshladi va 11 900 so‘mdan pastga tushdi — bu 2023-yil 10-avgustdan beri eng past ko‘rsatkichdir. So‘nggi savdo kunlarida dollar kursi pasayishni biroz qopladi.
Joriy oy yakuni bo‘yicha aksariyat tijorat banklarida dollar kursi 11 900 so‘m atrofida va undan past darajada saqlanib qolmoqda. Eng qimmat AQSH valyutasini Hamkorbank, Milliy bank va Trastbank 11 900 so‘mdan xarid qilmoqda, eng qulay sotuv kursi esa Openbank (sobiq Smart Bank) va Octobank tomonidan 11 940 so‘mdan taklif etilmoqda.
11 oy davomida milliy valyuta dollarga nisbatan 7,88% ga yoki 1018 so‘mdan ko‘proqqa mustahkamlandi. 2024-yilda o‘zbek so‘mi nisbiy hisobda atigi 4,71% ga, mutlaq hisobda esa 581,78 so‘mga qadrsizlangan.

Dollar nega arzonlashmoqda?
Markaziy bank ichki valyuta bozori sharhida milliy valyutaning mustahkamlanishini valyuta oqimlarining sezilarli darajada oshishi bilan izohladi.
Chet el valyutasi tushumlarining ko‘payishi sabablari orasida:
- eksport;
- xorijiy kreditlar;
- pul o‘tkazmalari;
- xorijiy investitsiyalar;
- importni nisbatan barqarorlashtirish.
Yanvar-oktabr oylarida o‘zbekistonliklar banklarga $17,4 mlrdlik xorijiy valyuta sotdi — bu o‘tgan yilga nisbatan 31,8% ga ko‘pdir. Aholi tomonidan valyuta sotib olish 24% ga o‘sib, $9,6 mlrdga yetdi. Natijada sotish va sotib olish o‘rtasidagi farq $7,8 mlrdni tashkil etdi, bu o‘tgan yilgi darajadan 41,8% ga ko‘pdir.
O‘zbekistonga transchegaraviy pul o‘tkazmalari 25% ga ko‘payib, yil boshidan beri $15,8 mlrdga yetdi. Iyuldan oktyabrgacha ular eng yuqori darajada — oyiga $1,8−1,9 mlrd miqdorida saqlanib turibdi. Xorijga mablag‘ chiqarish $2,2 mlrdni tashkil etdi, bu 2022-yilning shu davriga nisbatan $147 mlnga kamdir.
10 oy davomida tashqi savdo aylanmasi $66,5 mlrdni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21,5% ga oshdi. Bunga eksportning sezilarli o‘sishi ($29 mlrd, 27,8% ga ko‘payish) hamda importning ortishi ($37,53 mlrd, 16,9% ga o‘sish) sabab bo‘ldi. Natijada tashqi savdo balansidagi taqchillik $8,52 mlrdgacha qisqardi (o‘tgan yili bu ko‘rsatkich $9,4 mlrdni tashkil etgan edi).
O‘zbekiston so‘mning mustahkamlanishidan qanday foyda oldi?
27-noyabr kuni Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Achilov dollar kursining pasayishi import tovarlari inflyatsiyasining pasayishiga olib kelganini aytdi. Oktabr oyida sanoat mahsulotlari narxlarining o‘sishi 5,8% gacha sekinlashdi, biroq xizmatlar sohasida o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda.
So‘mning mustahkamlanishi almashuv kursi o‘zgarishiga nisbatan inflyatsion kutilmalarni ikki baravardan ko‘proqqa pasaytirishga imkon berdi — 2024-yil noyabr oyidagi 51% dan o‘tgan oyda 22% gacha. Shu bilan birga, milliy valyutaga bo‘lgan ishonch ortib bormoqda, bu esa so‘mdagi pul massasining 2024-yildagi 220,1 trln so‘mdan oktabr oyida 282,3 trln so‘mgacha oshishiga olib keladi (o‘sish — 28,1%).
Kreditlar va omonatlarning dedollarizatsiyasi ham kuzatilmoqda. Masalan, joriy yilning 10 oyida xorijiy valyutadagi kreditlar ulushi o‘tgan yilgi 41% dan 38% ga, depozitlar esa 26% dan 23% ga kamaygan. 2021-yildan beri qarzlarning dedollarizatsiya darajasi 10 foiz bandni, omonatlarniki esa 16 foiz bandni tashkil etdi.
Bundan tashqari, milliy valyutaning mustahkamlanishi tufayli tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlari kamaydi. Davlat xarajatlarni 4,7% ga, biznes esa taxminan 5% ga qisqartirdi.
Oktabr oyida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov so‘mning mustahkamlanishi hisobiga davlat tashqi qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 1,3 trln so‘mga, korporativ qarzlar bo‘yicha esa 3,6 trln so‘mga qisqarganini ma’lum qilgandi. Iqtisodiyotning umumiy hajmi 4,9 trln so‘mni tashkil etdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda 2026-yildan steyblkoinlarni tartibga soluvchi maxsus rejim joriy etilishi haqida yozgandi.
