Toshkent va uning atrofida atmosferaga zarar yetkazayotgan 100 dan ortiq obyekt faoliyati to‘xtatildi, deya xabar berdi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi matbuot xizmati.

24−28 noyabr kunlari Maxsus komissiya ishchi guruhlari tomonidan Toshkent shahri va unga tutash hududlarda reyd tadbirlari o‘tkazildi. Tekshirilgan 1449 ta issiqxona xo‘jaliklaridan 67 tasining faoliyati to‘xtatilgan, 403 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Bundan tashqari, Hududgazta’minot tomonidan 19 ta xo‘jalikni gaz tarmoqlariga ulash bo‘yicha texnik shartlar berilgan.

Toshkent shahrida umumiy maydoni 6,3 gektar bo‘lgan 53 ta noqonuniy qurilish obyekti aniqlandi. Ular bo‘yicha qonunbuzarliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, 186 ta holatda atmosfera ifloslanishi qayd etilgan, 235 ta tekshirilgan qurilish maydonining to‘rtdan bir qismi ko‘kalamzorlashtirilmagan.

34 ta obyektning qurilishi vaqtincha to‘xtatildi, 188 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi. 51 ta obyektga suv purkagich o‘rnatildi.

Bundan tashqari, yukni tent bilan yopmasdan harakatlangan 837 ta, atmosferani me’yordan ortiq zararlagan 206 nafar haydovchiga ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.

Shuningdek, mikroiqlim barqarorligini ta’minlash borasida ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 496 km hududga teng 77 ta ko‘cha va 165 jamoat joylariga suv sepilib, namlantirildi. 45 ta kanaldan suv oluvchi 322 km uzunlikdagi 121 km ariqlar tozalandi, 126 ta favvora ishga tushirildi.

Toshkent viloyatida joylashgan daryo va soylardan noqonuniy qum-shag‘al qazib olish bo‘yicha 54 ta holat aniqlandi. Aybdorlarni javobgarlikka tortish choralari ko‘rilmoqda.

Gidrometeorologiya xizmati agentligi xabariga ko‘ra, 29-noyabrdan mamlakat hududida sovuq antitsiklon kuchayishi va uning ta’siri 5-dekabrgacha saqlanib turishi kutilmoqda. Bu inversiya hodisalarining kuchayishi va havoning ifloslanish ko‘rsatkichlarini ma’lum darajada oshishiga olib kelishi mumkin.


Avvalroq Spot avtomobillarga ekologik toifasi asosida ekostikerlar berilishi haqida yozgandi.

Avtotransport vositalari Yevro standarti va yoqilg‘i turiga ko‘ra toza, o‘rta yoki zararli toifalarga ajratilib, ularga yashil, sariq yoki qizil stikerlar beriladi.