Avvalroq prezidentning O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirishga qaratilgan qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Qaror bilan tasdiqlangan 2025−2026 yillarda moliyaviy texnologiyalar sohasini qo‘llab-quvvatlash dasturiga muvofiq, Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetovga barcha milliy valyutadagi to‘lovlar amalga oshiriladigan “svitch” to‘lov tizimini yaratish topshirildi. Bu naqd pulsiz to‘lovlar xavfsizligi va barqarorligini oshirish uchun joriy etiladi.

2026-yil yanvar oyida regulyator to‘lov “svitch"ini joriy etish bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganib, loyihaning texnik topshirig‘ini ishlab chiqishi kerak.

Mart oyida milliy va xalqaro to‘lov tizimlari operatorlarini, shu jumladan elektron pullar operatorlarini bevosita Markaziy bankning yagona shlyuzi orqali ishlashini belgilash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va tasdiqlash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, prezident Markaziy bankka 2026-yil 1-fevralgacha jismoniy shaxslar uchun Tezkor to‘lovlar tizimida real vaqt rejimida bank hisobvaraqlari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazmalarini amalga oshirish imkoniyatini yaratish bo‘yicha topshiriq berdi.

Fuqarolar mobil raqamdan foydalangan holda bank hisobvaraqlaridan Tezkor to‘lovlar tizimida pul o‘tkazmalarini yuborishlari mumkin bo‘ladi. Regulyator ushbu tizimda jismoniy shaxslar o‘rtasida P2P o‘tkazmalarini amalga oshirish imkoniyatini ta’minlashi va OpenAPI orqali to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilarga ularga kirishni ochishi kerak.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda 2026-yilda naqd pulsiz to‘lovlar uchun universal QR-kodlar joriy etilishi haqida yozgandi.