Avvalroq prezident qarori bilan soliqlarning yig‘iluvchanlik darajasini oshirish va faol soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari belgilangani haqida xabar berilgandi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yilning 1-yanvaridan “Ochiq budjet” portalida yangi modul ishga tushiriladi. Unda aholi tomonidan to‘langan soliqlar hisobidan amalga oshiriladigan budjet xarajatlari ma’lumotlari aks ettiriladi.
Modulda jismoniy shaxs tomonidan muayyan davrda to‘langan daromad solig‘i, mol-mulk va yer solig‘i, shuningdek, bu mablag‘lar evaziga davlat budjetidan amalga oshirilgan xarajatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar doimiy ravishda e’lon qilib boriladi. Tizimga OneID orqali kirish mumkin bo‘ladi.
1-fevraldan “Ochiq budjet” portalida ovoz beruvchilar portretini o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.
Soliq qo‘mitasiga bir oy muddatda Iqtisodiyot va moliya vazirligining texnik talabnomasi asosida shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq soliq ma’lumotlarining portalda to‘g‘ridan to‘g‘ri shakllanishini ta’minlash topshirildi. Bu ma’lumotlar faqat fuqaroning o‘zi uchun ko‘rinadi.
Shu bilan birga, qo‘mita har yili 1-fevralga qadar eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalar ro‘yxati shakllantirilishi hamda 10-fevralgacha rasmiy saytda e’lon qilib borishi kerak.
Markaziy bankka har oyda jismoniy shaxslarning soliq qarzi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bank va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalari orqali yetkazishda Soliq qo‘mitasiga amaliy yordam ko‘rsatish vazifasi yuklatildi. Qarzdorlik haqidagi ma’lumotlar foydalanuvchilarga ilovaning asosiy sahifasida aks ettirib boriladi.
Bundan tashqari, 2026-yildan jismoniy shaxslar tomonidan ko‘chmas mulklarni ijaraga berishdan olingan daromad bo‘yicha to‘langan soliq to‘liq miqdorda mulk joylashgan tuman yoki shahar mahalliy budjetlariga yo‘naltiriladi.
Avvalroq aholining 1 mln so‘mdan ortiq soliq qarzdorligi elektr energiyasining billing tizimi orqali undirilishi haqida xabar berilgandi. Bu bo‘yicha Namanganda sinov o‘tkazilib, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qarzdorlikni undirishning yangi mexanizmi joriy etiladi.
