Shavkat Mirziyoyev 1-dekabr kuni sog‘liqni saqlash, ta’lim, transport va kosmos sohalarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
2030-yilgacha mamlakatda sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi tasdiqlanib, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida tegishli markaz ochildi. Sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish uchun zarur hisoblash infratuzilmasi barpo qilinmoqda.
Jumladan, AQSHning Nvidia kompaniyasi bilan hamkorlikda super kompyuter klasterini ishga tushirish loyihasi amalga oshirilmoqda. Tibbiyot sohasida sun’iy intellekt bo‘yicha 5 ta loyiha joriy qilinmoqda. Xususan, insult, ko‘krak saratonini sun’iy intellekt yordamida aniqlash orqali diagnostika vaqti 80% ga tejalib, hayot uchun xavfli holatlar barvaqt aniqlanmoqda.
Prezident bu yetarli emasligi, sun’iy intellekt yordamidagi diagnostikani ishlatish mumkin bo‘lgan kasalliklar turini yanada kengaytirish zarurligini qayd etdi.
Shundan kelib chiqib, xorijiy hamkorlar bilan birgalikda respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida jigar, o‘pka va prostata bezi saratoni, infarkt va murakkab suyak sinishlarini diagnostika qilishda tibbiy suratlarni sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish tizimlarini joriy etish rejalashtirilgan.
Kelgusi o‘quv yilidan maktab, texnikum va oliygohlarda o‘quvchi va talabalarga sun’iy intellektni o‘qitish boshlanadi. Buning uchun informatika o‘qituvchilari tayyorlanmoqda. Lekin faqat ularni emas, butun maktab jamoasini sun’iy intellektdan foydalanishga o‘rgatib, o‘qituvchilarning yuklamasini kamaytirish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Shunda o‘qituvchida o‘z ustida ishlashga ko‘proq vaqt qoladi, deya ta’kidlandi yig‘ilishda.
Taqdimotda bu boradagi yangi yondashuvlar ko‘rib chiqildi. Jumladan, maktab ta’limi uchun sun’iy intellektga asoslangan platformani joriy qilish taklif qilindi. Bunda o‘qituvchining virtual yordamchisi ishlab chiqiladi va platformaga integratsiya qilinadi.
Bu o‘qituvchilarga mavzuga doir ma’ruza matnlari, taqdimotlar, testlar, dars rejalarini tuzish, imtihon jarayonlarini nazorat qilishda ko‘maklashadi.
Yig‘ilishda hokimlarning raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchilarining malakasini oshirish dasturi haqida axborot berildi.
Transport sohasida ham sun’iy intellekt loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, sun’iy intellekt yordamida yo‘llardagi qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlash, vagonlar texnik holatini monitoring qilish orqali temir yo‘lda avariyalar xavfini kamaytirish bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi.
Bundan tashqari, kosmik texnologiyalar bo‘yicha yangi tashabbuslar ishlab chiqilgan. “Samarqand-2028” sun’iy yo‘ldoshini ishlab chiqish ishlarining borishi ko‘rib chiqildi.
Yerni masofaviy zondlashga mo‘ljallangan mazkur yo‘ldosh uchun sun’iy intellekt moduli ishlab chiqiladi. Yo‘ldosh olgan suratlarni havo sifatini birlamchi baholash, qishloq xo‘jaligi ekinlari va o‘rmonlarni monitoring qilishda qo‘llash mumkin bo‘ladi.
Taqdimot yakunida davlat rahbari ko‘rib chiqilgan loyihalar ijrosini jadallashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalaridan iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada foydalanishni kengaytirish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
Iyun oyidagi yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev poytaxtda transport harakatini sun’iy intellekt asosida tartibga solish bo‘yicha taqdimot qilinganiga ancha vaqt bo‘lganiga qaramay, natija yo‘qligini tanqid qilgandi.
Undan keyin Toshkentda yo‘l harakati xavfsizligini raqamli texnologiyalar asosida boshqarishga mo‘ljallangan Kompyuterlashtirilgan vaziyatlar markazi ishga tushirildi. U orqali sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar yordamida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va tirbandliklarni prognoz qilib boradi.
Iyul oyida poytaxtda SI’ga ega kameralar piyodalarga yo‘l bermayotgan haydovchilarni aniqlay boshladi. Bunday kameralar allaqachon 10 ta piyodalar o‘tish joyida ishga tushirilgan va u orqali uch kun ichida 1700 ta jarima qo‘llangan. Tez orada ular yana 30 ta chorrahada paydo bo‘ladi.
21-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilishda olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash uchun 2026-yildan hududlarda yo‘ldoshli internet operatorlarining faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda “5 mln sun‘iy intellekt yetakchilari” loyihasiga start berilgani haqida yozgandi. Har yili noyabr oyi Yoshlar uchun sun‘iy intellekt oyligi deb e‘lon qilinadi va Ipak yo‘li sun‘iy intellekt forumi o‘tkaziladi.
