Avvalroq Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda chiqindilarni qayta ishlash masalalari ko‘rib chiqilib, mutasaddilarning qishga tayyorlik hisobotlari tinglangani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda imtiyozli shartlarda suyultirilgan gaz yetkazib berishda kamchiliklar saqlanib qolayotgani hamda talon-toroj holatlari uchrayotgani ta’kidlandi.

Hududgazta’minot tizimiga bunga chek qo‘yish, hududma-hudud yurib, aholining muammolarini hal etish topshirildi. Eskirgan elektr tarmoqlari va ortiqcha yuklamada ishlayotgan transformatorlarni xatlovdan o‘tkazib, ularning barqaror ishlashini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, 1800 kilometr elektr tarmoqlarida ta’mirlash ishlari sifatsiz bajarilgani aniqlangan. Bosh prokuraturaga bu holatlarni o‘rganish va qonun ustuvorligini ta’minlash vazifasi berildi. O‘zenergoinspeksiyaga esa nazorat ishlarini yangicha yondashuv asosida tashkil qilib, favqulodda tartibda ishlashga o‘tish topshirildi.

Bundan tashqari, davlat rahbari qish mavsumida energiya resurslari aholiga uzluksiz yetkazib berilishi shartligini ko‘rsatib o‘tdi.

Joriy yilning iyun oyida prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida suyultirilgan gaz yetkazishda 60−70 kungacha uzilishlar kuzatilayotgani tanqid qilingandi. Ayniqsa, Andijon va Surxondaryoda murojaatlarning 70%i shu masala bilan bog‘liq.

“Issiq kunlarda gazda shuncha muammo bo‘lsa, qishda odamlar qozonini nimada qaynatadi? Rahbarlarga so‘nggi ogohlantirish: bu masalaga ikki haftada yechim topsin, bo‘lmasa o‘zi bilib joyini bo‘shatib qo‘ysin”, — dedi davlat rahbari.

Avgust oyi avvalida prezident Toshkentdagi elektr tarmoqlarini kuz-qish mavsumigacha yangilashni topshirdi. Poytaxtda 46 ta podstansiya va 207 ta transformator ortiqcha yuklama bilan ishlaydi. Birinchi bosqichda 374 km tarmoq, 11 ta podstansiya, 62 ta transformatorni yangilash ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, qishki mavsumda elektr iste’moli rekord darajaga chiqishi kutilmoqda. O‘zbekiston energiya tizimida sutkalik elektr energiyasi iste’moli 300 mln kVt/soatdan oshishi, maksimal quvvat esa 13 GVtdan yuqori bo‘lishi mumkin.

Avvalroq yer va mol-mulk solig‘idan qarzdor fuqarolarga elektr uchun to‘lovlar cheklanishi haqida xabar berilgandi. Hududiy elektr tarmoqlari yangi tizim doirasida soliq qarzdorligi 1 mln so‘mdan oshgan jismoniy shaxslarning elektr energiyasi uchun to‘lovlari cheklanishini ma’lum qildi. Bu dastlab Namanganda sinovdan o‘tkaziladi.