Avvalroq Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda chiqindilarni qayta ishlash masalalari ko‘rib chiqilib, mutasaddilarning qishga tayyorlik hisobotlari tinglangani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda yong‘in xavfsizligi masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Mamlakatda 44 mingdan ziyod ko‘p qavatli binolarda yong‘in xavfsizligi holatini to‘liq o‘rganish, favqulodda vaziyatlar tizimi bunday xavf-xatarlarga qarshi harakat qilishga shay turishi zarurligi ta’kidlandi.

Binolarning tashqi devorlarida kuchli yonuvchan materiallarni qo‘llashni taqiqlovchi qat’iy talablarni qonun hujjatlariga kiritish vaqti kelgani aytildi.

Shu munosabat bilan ko‘p qavatli uylarda qurilish normalari va yong‘in xavfsizligi qoidalarini xalqaro tajribaga moslash hamda mas’ul rahbarlar javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Bundan tashqari, kommunal xizmatlar ishini muvofiqlashtirish va favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

O‘tgan mavsumda poytaxtda to‘plangan tajriba asosida mamlakatning boshqa hududlari kesimida ishchi guruhlar tashkil etish, barcha kommunal xizmatlar va boshqaruv servis kompaniyalarini FVV dispetcherlik tizimiga bog‘lash va xonadonbay profilaktika ishlarini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.

Oktabr oyidagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha taqdimotda Shavkat Mirziyoyev “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida"gi qonun hozirgi talablarga javob bermasligini qayd etib, xavf-xatarlarni oldindan baholab, imkon qadar tez va samarali harakat qiladigan proaktiv tizim yaratish vazifasini bergandi.

Avvalroq 2026-yildan boshlab 2 qavatdan yuqori barcha “dom"lar majburiy instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi. Ijobiy xulosa olmagan obyektlardan foydalanishga ruxsat berilmaydi. Qurilish vaqtida binolarga qo‘shimcha qavat qo‘shish va balandligini oshirish taqiqlanadi.