Avvalroq prezident ishtirokida Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda Baxmaldagi 14 ming gektar bog‘larning 4 ming gektari eskirgani, ulardan olinayotgan hosil esa gektariga 10 tonnaga ham yetmayotgani taʼkidlandi. Shu bois, eski bog‘larni intensivga o‘tkazish, hosilni saqlash, saralash va qayta ishlash bo‘yicha Baxmal tajribasini joriy qilish zarurligi aytib o‘tildi.
Baxmalda 2026-yilda 1,5 ming gektar eski bog‘larga faqat sertifikati bor ko‘chatlarni ekish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Buni qo‘llab-quvvatlash uchun aholi va fermerlarga ko‘chat sotib olish xarajatining yarmi qoplab beriladi.
Bundan tashqari, tumandagi bog‘dorchilik xo‘jaliklari uchun yana bir qator yangiliklar e‘lon qilindi.
Xususan, intensiv bog‘ tashkil qilishda 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan 14% dan kredit beriladi. Mevaning turiga qarab, shpalerlar uchun 20 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, muzlatkichli omborlar uchun kredit foizini asosiy stavkadan oshgan 8% gacha qismi qoplab beriladi. Meva-sabzavot eksportchilari va bog‘bonlarga ham qadoqlash xarajatlarining 50% ini qoplash uchun Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan subsidiya to‘lanadi.
Umuman, kelasi yili bog‘dorchilik bo‘yicha Baxmalda tajriba maktabi yaratilib, ushbu imtiyozlar butun respublikada joriy qilinadi.
Aniq mahsulot ekish sharti bilan auksionga chiqarilgan 10 ming gektar yer bir yildan buyon sotilmayotgani qayd etildi. Shu bois, keyingi yildan boshlab ekin yerlarini ijaraga berishning yangi tizimi joriy qilinadi.
Endilikda yerni ijaraga olgan dehqon unga nima ekishini o‘zi mustaqil hal qiladi. Shuningdek, auksionda takroriy savdoga qo‘yilgan yerlarning boshlang‘ich narxi 10% gacha pasaytiriladi.
Yer ijarasidan tushgan mablag‘lar to‘liq sanoatlashgan bog‘larga suv, elektr, yo‘l tarmoqlarini tortish kabi infratuzilma obyektlari uchun sarflanadi.
AQShlik hamkorlar bilan Zominda parranda bo‘yicha yirik naslchilik korxonasi tashkil qilinmoqda. Ushbu klasterda 100 ming bosh quvvatdagi birinchi naslli ona tovuq va 9 mln dona inkubatsion tuxum ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Spot, avvalroq, Jizzax EIZda suv tozalash inshootini qurishga 100 mlrd so‘m ajratilishi haqida yozgandi.
