Shavkat Mirziyoyev 2-dekabr kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurib, yo‘l infratuzilmasini barpo etish ishlari bilan tanishdi.Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat markazini M-39 xalqaro avtomobil yo‘liga bog‘lash maqsadida qariyb 290 mlrd so‘m hisobidan 700 metrlik yo‘l o‘tkazgich va 4 kilometrlik yangi avtomobil yo‘li qurildi. Yangi yo‘l har kuni 14 mingdan ortiq transport vositasini o‘tkazish imkoniyatiga ega. Shu paytgacha mazkur yo‘nalishdan aholi shaharga kirish-chiqish uchun 25 km.lik aylanma yo‘ldan foydalanishga majbur edi.

Yangi inshoot tufayli masofa 4 km.gacha qisqardi, eski yo‘ldagi tirbandliklar bartaraf etildi. Metall konstruksiyalardan zamonaviy texnologiya asosida barpo etilgan o‘tkazgichning xizmat muddati 100 yil, deb baholanmoqda.

Ilgari yo‘lovchi va yuk poyezdlar o‘tgan paytda avtomobillar temir yo‘l kesishmasida to‘xtab qolishga majbur edi. Endi yo‘l o‘tkazgich qurilgani tufayli tez tibbiy yordam, o‘t o‘chirish va boshqa maxsus xizmatlarning harakati ancha yengillashadi.

Prezident Jizzax shahriga kirish qismini zamonaviy qiyofaga keltirish bo‘yicha master-reja va renovatsiya loyihalari taqdimoti bilan ham tanishdi.

Renovatsiya dasturi asosida Jizzaxda eski uy-joylar o‘rnida zamonaviy, qulay va xavfsiz turar-joylar barpo etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, IT-markaz binosini barpo etish, hunarmandchilik markazini tashkil etish, ayrim mavjud majmualarni rekonstruksiya qilish hamda gavjum ko‘chalarni tartibga keltirish kabi loyihalar bilan tanishildi.

Taqdimotlar davomida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.


Spot, avvalroq, prezident Urgutda aeroport qurishga va’da bergani haqida yozgandi.