Avvalroq prezident sog‘liqni saqlash, ta‘lim, transport va kosmos sohalarida sun‘iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda kosmik texnologiyalar sohasidagi yangi tashabbuslar taqdimot qilindi. Xususan, Samarqand-2028 sunʼiy yo‘ldoshini yaratish bo‘yicha ishlarning borishi ko‘rib chiqildi.

Yerni masofaviy zondlashga mo‘ljallangan mazkur yo‘ldosh uchun sun’iy intellekt moduli ishlab chiqiladi. Yo‘ldosh olgan suratlarni havo sifatini birlamchi baholash, qishloq xo‘jaligi ekinlari va o‘rmonlarni monitoring qilishda qo‘llash mumkin bo‘ladi.

Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida 2026-yilda Xitoy bilan birgalikda Samarqand-2028 sunʼiy yo‘ldoshini uchirish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

“Ushbu sunʼiy yo‘ldosh uchun biz g‘o‘za va don ekinlarining vegetatsiyasini aniqlash bo‘yicha o‘z modelimiz joylashtiriladi. Bu reaksiya vaqtini qisqartirish, aniq tasvirlarni olish va Yerni zondlash tasvirlarini alohida Yerga yuborish va qayta tahlil zaruratini bartaraf etishga yordam beradi, chunki spektral tahlil 22 tadan ortiq spektr asosida shu vaqtning o‘zida amalga oshiriladi”, — dedi Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari.

Oleg Pekos bu yo‘nalishda faol ish olib borilayotganini, O‘zbekiston tomonidan sunʼiy intellekt modeli taqdim etilishini qayd etdi. “Chunki paxta ekinlari va ularning vegetatsiyasini aniqlashda katta tajriba mavjud, xitoylik hamkorlarimiz esa qayta ishlash uchun zarur tasvirlarni taqdim etadi va bizga 22 ta spektr bo‘yicha tayyor natija yetkazib beriladi”, — deya xulosa qildi u.

o‘zbekkosmos, prezident, shavkat mirziyoyev, sun'iy yo'ldosh, texnologiyalar, xitoy

Yaqinda “O‘zbekkosmos” agentligi va Xitoyning Star.Vision kompaniyasi o‘rtasida sunʼiy yo‘ldosh texnologiyalari va kosmik dasturlarni rivojlantirish bo‘yicha strategik memorandum imzolandi. Kompaniya 2028-yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro astronavtika kongressini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘zining giperspektral sunʼiy yo‘ldoshlaridan biriga Samarqand-2028 nomini berishga rozi bo‘ldi.

“O‘zbekkosmos” matbuot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston Xitoy sunʼiy yo‘ldoshini uchirishda ishtirok etadi. Memorandumga ko‘ra, ushbu Yerni masofadan zondlash sunʼiy yo‘ldoshi uchun SI moduli agentlik mutaxassislari tomonidan ishlab chiqiladi.

Giperspektral tasvirlar havo sifatini birlamchi baholash, qishloq xo‘jaligi ekinlari va o‘rmonlarni monitoring qilish va turli sohalar uchun yuqori aniqlikdagi tahliliy maʼlumotlarni taqdim etish imkonini beradi.

Spot, avvalroq, Amerikaning Vast kompaniyasi o‘zbekistonliklarni kosmik missiyalarga jalb qilishi mumkinligi haqida yozgan edi.