Avvalroq prezident ishtirokida Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda qurilish va infratuzilma masalalari muhokama qilinib, ijtimoiy xizmatlar, mehnat bozori va infratuzilmani markazdan uzoq mahallalar aholisiga yaqinlashtirish zarurligi qayd etildi.
Urbanizatsiya agentligi va viloyat hokimligiga Yevropadan mutaxassislarni jalb qilib, Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanini yagona aglomeratsiya asosida rivojlantirish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish topshirildi.
Bunda Sharof Rashidov tumani va Jizzax shahri o‘rtasidagi 40 gektar bo‘sh maydon tanlab olinadi va keyingi yildan ushbu massivda 1200 xonadonli 50 ta ko‘p qavatli uy quriladi.
Master-rejada yangi massivda barpo etiladigan bog‘cha, maktab, shifoxona kabi ijtimoiy obyektlar, elektr, suv, yo‘l infratuzilmalari Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani aholisi uchun birdek xizmat qilishi, ikkita hududni bir-biri bilan bog‘laydigan yagona jamoat transporti tizimini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilishi kerak.
Massiv hududida yagona ma‘muriy markaz qurib, Sharof Rashidov tumanidagi barcha 21 ta davlat tashkilotini shu yerga ko‘chirish zarurligi qayd etildi.
Viloyat markaziga kirish va chiqishdagi temir yo‘l kesishmalarida yuzaga keladigan tirbandliklar ko‘p yillardan buyon odamlarni qiynab kelayotgan edi. Aholining talab va istaklarini inobatga olib, shahar ichidagi tirbandlikni bartaraf etish uchun 10 kilometrli aylanma yo‘l quriladi.
Shuningdek, Dashtobod shaharchasi va Xovos tumani o‘rtasidagi temir yo‘l ustidan ham yangi ko‘prik qurilishi boshlandi. Shu kunga qadar 200 mingdan ortiq aholisi bor Jizzax shahrida shahar shifoxonasi bo‘lmagan.
Bugun Jizzax shahri Oqqo‘rg‘on mahallasida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi uchun qurilgan yangi bino bilan tanishildi. Endi viloyat shifoxonasining eski binosi o‘rnida shahar markaziy shifoxonasi va poliklinikasi tashkil etiladi.
Mazkur obyektni keyingi yil investitsiya dasturiga kiritib, ta‘mirlash va jihozlash uchun 20 mlrd so‘m ajratish topshirildi.
Spot, avvalroq, Shavkat Mirziyoyev Jizzaxdagi Avtomobilsozlik muhandislik maktabini borib ko‘rgani haqida yozgandi.
