Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 2-dekabr kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurib, yo‘l infratuzilmasini barpo etish ishlari bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Loyihalar taqdimoti davomida davlat rahbariga Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan atom energetikasi loyihalarining borishi to‘g‘risida axborot berildi.
Viloyatda integratsiyalashgan — ikkita kam quvvatli reaktor va ikkita katta reaktordan iborat atom elektr stansiyasini barpo etish boshlangan. Hozirgi bosqichda reaktor binosi uchun kotlovan qazish ishlari faol pallaga kirgani qayd etildi.
Qurilish-montaj bazasi uchun yer tekislash, betonlash, armatura o‘rnatish ishlari bajarilmoqda. Quruvchilar yashashi uchun vaqtinchalik turar-joy majmuasi barpo etilgan.
AES uchun zarur qurilish materiallarini mahalliylashtirish, oliygohlarda soha uchun kadrlar tayyorlashni kengaytirish rejalari taqdimot qilindi.
Bundan tashqari, bo‘lajak elektr stansiyada mehnat qiladigan mutaxassislar va ularning oilalari uchun monoshaharcha qurish loyihasi haqida ma‘lumot berildi.
Mazkur shaharcha AESdan 16 kilometr uzoqlikda joylashgan va 10 ming kishiga mo‘ljallangan bo‘ladi. Unda barcha zarur infratuzilma, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish obyektlari ko‘zda tutiladi.
Oktabr oyida kichik quvvatli AES qurilishining asosiy bosqichi boshlandi. Jizzax viloyatidagi qurilish maydonida Rossiya loyihasi bo‘yicha qurilayotgan RITM-200N reaktorli energoblok kotlovanini qazish ishlariga start berildi.
23-dekabr kuni stansiyani qurish loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkaziladi. Eshituvlarda bo‘lajak AES qurilishi va ekspluatatsiyasining atrof-muhitga ta’sirini baholash muhokama qilinadi. Uchrashuv joyi sifatida Jizzax viloyati Forish tumanidagi Bog‘don qishlog‘ining qurilish maydoni yaqinidagi 30-sonli madaniyat markazi tanlandi.
Avvalroq O‘zatom O‘zbekiston AQShning kichik yadro reaktorlari texnologiyasini o‘rganmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi.

