Shavkat Mirziyoyev Sharof Rashidov tumanidagi “Agromarkaz” qishloq xo‘jaligi korxonalari majmuasida bo‘ldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Markazda o‘simliklarni himoya qilish laboratoriyasi, veterinariya dorixonasi, agronom maslahati, urug‘ va ko‘chatlar yetkazib berish, aholi xonadonlariga issiqxonalar qurish, agromarket do‘koni, mini-texnikalar sotish va ularga xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlar mavjud.

Bu yerda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha barcha xizmatlar “yagona darcha” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgan. Bir gektar joyni qamragan markazning birinchi qavatida o‘simliklar himoya vositalari do‘koni, veterinariya dorixonasi, urug‘ do‘koni, agromarket, mobil brigada xonalari va 8 ta boshqa xizmat xonasi joylashgan.

Ikkinchi qavatda o‘simliklarni himoya qilish laboratoriyasi mavjud. Shuningdek, tuproq va suv tahlili xonasi, entomologiya hamda fitopatologiya xonalari tashkil etilgan.

Markaz hududida viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi bo‘limi, agroinspeksiya, urug‘chilik markazi, qorako‘lchilik uyushmasi hamda qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi boshqa tashkilotlar joylashgan.

Davlat rahbari agromarkaz faoliyati bilan tanishdi, markaz faoliyatini yana-da kengaytirish, mijozlar uchun xizmatlarni ko‘paytirish va qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat yaratish bo‘yicha tavsiyalarini berdi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Jizzaxdagi Avtomobilsozlik muhandislik maktabini borib ko‘rgandi.