Xitoyning China Everbright International kompaniyasi Namangan viloyatida chiqindi yoqish zavodining qurilishiga kirishdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ramziy kapsula qo‘yish marosimi 29-noyabr kuni o‘tkazildi. Chiqindilarni qayta ishlash majmuasi viloyat markazining g‘arbida, Chust tumanidagi ekosinoat hududidagi 10 gektar maydonni egallaydi.

Loyihaga kiritilayotgan sarmoya hajmi dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra $141,5 mlnga baholanmoqda. Zavodning ishga tushirilishi 2027-yilga mo‘ljallanmoqda.

Korxona to‘liq quvvat bilan ishlay boshlagach, yiliga 547,5 ming tonna (kuniga 1500 tonna) maishiy chiqindini utilizatsiya qila oladi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 310 mln kVt·soatgacha yetadi, shundan 254 mln kVt·soat energiya elektr tarmoqlariga uzatiladi.

“O‘zenergosotish” kelajakdagi majmua operatori — Everbright Environmental Energy Namangan bilan elektr energiyasini xarid qilish to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Davlat kompaniyasi 30 yil davomida zavoddan energiyani kafolatlangan tarzda sotib oladi.

Hokimlik maʼlumotlariga ko‘ra, zavod quvvati Namangan viloyatidagi mavjud chiqindilar hajmini qayta ishlash uchun yetarli bo‘ladi — kuniga 1450 tonna yoki yiliga 529,3 ming tonna. Majmuani xom ashyo bilan taʼminlash uchun Turako‘rg‘on tumanida 6 ta tumandan kelgan chiqindilarni saralash va qayta yuklash stansiyasini qurish rejalashtirilmoqda.

Joriy yil 24-martdagi prezident qarori bilan mamlakat bo‘yicha elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 6 ta chiqindilarni utilizatsiya qilish korxonasini ishga tushirish belgilangandi. Reja oltita viloyatda — Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo va Samarqandda chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish majmualarini qurishni nazarda tutadi. Korxonalar loyihalari 2024-yil oktyabrida davlat rahbariga taqdim etilgan.

Joriy yil iyul oyida bir vaqtning o‘zida ikkita chiqindi yoqish zavodining qurilishi boshlangandi. Loyihalardan biri Andijon viloyatida China International CAMC Engineering bilan hamkorlikda, ikkinchisi esa Samarqandda Shanghai SUS Environment ishtirokida amalga oshirilmoqda. Yana bir zavod China Everbright mablag‘lari hisobiga Farg‘ona yaqinida qurilmoqda.

Spot, avvalroq, Toshkentda maishiy chiqindilarni olib chiqishni kuzatish uchun Toza Poytaxt xizmati ishga tushirilgani haqida xabar bergan edi.