Janubiy Koreyada noqonuniy bo‘lib turgan xorijliklar uchun mamlakatdan ixtiyoriy chiqib ketish bo‘yicha vaqtinchalik muddat berildi. Bu haqda Koreya Adliya vazirligiga tayanib, O‘zbekiston migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, vaqtinchalik tartib doirasida 2025-yil 1-dekabrdan 2026-yil 28-fevralgacha o‘zini ixtiyoriy ravishda ro‘yxatdan o‘tkazib, Koreyadan chiqib ketadigan noqonuniy xorijliklarga jarima qo‘llanilmaydi va qayta kirish cheklovlari bekor qilinadi.
Xorijliklar mamlakatdan chiqishidan ko‘pi bilan 15 kun yoki kamida 3 kun avval yashab turgan manzili bo‘yicha immigratsiya bo‘limiga shaxsan borib oldindan xabar berishi kerak. Yoki www.hikorea.go.kr orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
Chiqish kuni esa aeroportdagi immigratsiya bo‘limiga parvozdan 4 soat oldin borib, yakuniy tasdiqdan o‘tish talab etiladi. Pasport, aviachipta hamda ixtiyoriy chiqish arizasi mavjud bo‘lishi kerak.
Biroq, Koreyaga noqonuniy yo‘l bilan kirgan, soxta hujjat ishlatgan, jinoyat sodir etgan, immigratsiya xizmatining chiqib ketish buyrug‘iga amal qilmaganlar bu imtiyozdan foydalana olmaydi. Shu bilan birga, 1-dekabrdan keyin nolegal maqomga tushganlarga ham tatbiq etilmaydi.
Migratsiya agentligi qo‘shimcha maʼlumotlarni Koreyadagi yagona xorijiylar axborot markazining 1345 qisqa raqami orqali olish mumkinligini bildirdi.
Shuningdek, agentlikning Koreyadagi vakolatxonasiga, +82222851341, +82222851343, +821039871661 telefon raqamlari hamda info@migration.uz elektron pochtasi orqali murojaat qilish mumkin.
Joriy yilning oktabrida O‘zbekiston Janubiy Koreya rasmiylari bilan mavsumiy ishchilarga E-8 vizalarini berishni qayta tiklashga kelishib olgandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonlik o‘rta tibbiyot xodimlari Saudiya Arabistoniga ishga jalb qilinishi haqida yozgandi.
