Farg‘onada Rossiya ishtirokidagi qo‘shma agrologistika markazining qurilishi boshlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va Omsk viloyati gubernatori Vitaliy Xotsenko loyihaning boshlanishiga rasman start berib, tamal toshi qo‘ydi.
Energy-Land korxonasi tomonidan tashkil etilayotgan mevani qayta ishlash va agrologistika markazi Quva tumanidagi 15 gektar maydonda barpo etiladi.
Loyiha qiymati $50 mlnni tashkil etib, uning natijasida yiliga 20 ming tonna mevali-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash quvvatiga ega sex, umumiy sig‘imi 30 ming tonnani tashkil etuvchi sovutgich omborlari, mehmonxona va boshqa obyektlar quriladi.
Shuningdek, loyiha doirasida markazda 500 ta ish o‘rni yaratiladi, yiliga $100 mlnlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti yo‘lga qo‘yiladi.



Xayrullo Bozorov markaz Farg‘ona vodiysi uchun xizmat qilishini, shuningdek, viloyat dehqonlari yetishtirgan meva-sabzavot mahsulotlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya va boshqa bozorlarga yetkazib berish imkoniyati yaratilishini aytib o‘tdi.
Avvalroq Jizzaxda fermer va dehqonlarga xizmat ko‘rsatuvchi agromarkaz ochilgandi. Sharof Rashidov tumanida joylashgan markazda veterinariya dorixonasi, aholi xonadonlariga issiqxonalar qurish, agromarket do‘koni kabi yo‘nalishlar bor.



