Avvalroq deputatlar 2026-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgani haqida xabar berilgandi.
Majlisda bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov budjet taqchilligi haqida fikr bildirdi.
Jamshid Qo‘chqorov budjet taqchilligi nominal ko‘rsatkichlarda oshib borayotganini tan oldi, biroq uning real miqdorini faqat YIMga nisbatan baholash mumkinligini ta‘kidladi.
“Masalan, 2023-yilda budjet taqchilligi YIMning 5%hcini tashkil etgan. 2026-yilda taqchillik 59 trln so‘m bo‘lsa, nominal jihatdan ko‘proq ko‘rinadi, ammo uni YIMga nisbatan olayotganimizda real holat namoyon bo‘ladi”, — dedi Qo‘chqorov.
Bunda iqtisodiyot yaratgan qiymatning qanchasi budjetga tushayotgani, qanchasi xarajat qilinayotgani muhim hisonlanadi. Qo‘chqorovga ko‘ra, taqchillik — daromad va xarajat o‘rtasidagi farq. Uning yalpi nominal miqdori esa hech narsani anglatmaydi.
Bosh vazir o‘rinbosari taqchillik doimiy bo‘lishi kerakmi, degan savolga javob berar ekan, tarixga murojaat qildi. U uzoq yillar davomida profitsit bilan ishlangan davrlar bo‘lganini, biroq bu ijobiy holat sifatida baholanishi qiyinligini ta‘kidladi.
“Profitsit bo‘lgan davrda bu zo‘r edi, deb aytolmayman. Chunki o‘sha paytda budjet taqchilligini moliyalashtirish uchun hech kim bizga kredit bermasdi. Rasmiy ravishda ayta olaman. Islohotlar yo‘q edi, so‘m erkin konvertatsiya qilinmasdi, soliq siyosati boshqacha edi. Oxirgi sakkiz yilda amalga oshirilgan islohotlar o‘sha davrda mavjud bo‘lmagan. Shuning uchun ham bizga taqchillikni qoplash uchun kredit berilmagan”, — dedi iqtisodiyot va moliya vaziri.
Qo‘chqorovning aytishicha, taqchillikning haddan tashqari katta bo‘lishi yomon, bu borada Xalqaro valyuta jamg‘armasining pozitsiyasi ham aniq. Unga ko‘ra, 3% atrofidagi taqchillik davlat qarzining barqaror oshishini ta‘minlaydi va mamlakatni defolt yoki bankrotlik xavfidan himoya qiladi.
“Budjet taqchilligi qachon o‘z vazifasini bajaryapti, deb aytamiz? Qachonki mamlakatda iqtisodiy o‘sish mavjud bo‘lsa. Agar iqtisodiyot o‘smayotgan bo‘lsa, taqchillik — qo‘shimcha pul chiqarib iqtisodiyotni rag‘batlantirishga urinish bo‘ladi”, — deya tushuntirdi Qo‘chqorov.
U fiskal rag‘batlantirishning to‘g‘ri qo‘llanishi haqida ham to‘xtaldi. Jamshid Qo‘chqorovning fikricha, agar mamlakat qarz olib, uni iqtisodiyotga yo‘naltirsa-yu, iqtisodiy o‘sish kuzatilmasa — bu noto‘g‘ri yondashuv hisoblanadi.
“Xudoga shukr, biz har yili yuqori iqtisodiy o‘sish sur‘atlariga erishyapmiz. Bu yil 7% dan kam bo‘lmaydi, deb o‘ylayapmiz. Xalqaro valyuta jamg‘armasi esa O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,3% ga o‘sadi, deb prognoz bermoqda”, — dedi iqtisodiyot va moliya vaziri.
Spot, avvalroq, XVJ O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish va inflyatsiya tezlashishini prognoz qilgani haqida yozgandi.
