Raqobat qo‘mitasi O‘zbekiston fuqarolarini internet orqali sotuv yordamida firibgarlik holatlari ko‘payib borayotgani haqida ogohlantirdi.

Nazorat organi fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar va ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotlar soni ortib borayotganini qayd etdi. Bu bayonotlar o‘zlarini “savdo-dilerlik kompaniyalari” xodimlari deb tanishtiruvchi shaxslarga taalluqli. Ular potensial xaridorlarga aynan shu kuni tovar xarid qilishda katta chegirmalar va bonuslar taklif qilish bilan jalb qiladi. Shuningdek, bu imkoniyatlar tez orada bekor qilinishi bilan qo‘rqitadi.

Sotuvchilar xaridorlarga tovarning ijobiy xususiyatlarini taʼkidlab, uni sotib olishga ishontirishadi. Biroq, xarid qilingandan so‘ng tovarning narxi oshirilgani va bunday xususiyatlarga ega emasligi, ko‘pincha sifatsiz ekanligi maʼlum bo‘ladi.

Aholi uchun tez-tez “jozibador” takliflarning taqdimotlari va namoyishlari o‘tkaziladi. Tovarlar va xizmatlar uchun chegirma yoki bonus olish uchun sotuvchilar mijozlarga yangi xaridorlarni jalb qilish shartini qo‘yadi.

Qo‘mita misol sifatida fuqarodan kelgan murojaatni keltirdi. Unga vibratsion massaj yopiig‘ini sotib olishni taklif qilishgan va sovg‘a sifatida havo tozalagich hamda qo‘l massajyorini vaʼda qilishgan. 10 kun ichida tovarni qaytarish va pulni qaytarib olish imkoniyati taʼkidlangan.

Sotuvchilar xaridorni bo‘lib to‘lashni rasmiylashtirishga va identifikatsiya maʼlumotlari ko‘rsatilgan bir nechta shartnomaga imzo chekishga ko‘ndirgan. Biroq uy sharoitida yopig‘ini ishlatish xaridor va uning nogironligi bo‘lgan turmush o‘rtog‘i salomatligiga xavf tug‘dirishi, shu bilan birga juftlikning qarzni to‘lash uchun puli yo‘qligi maʼlum bo‘lgan.

Shu sababli xaridor qurilmalarni qaytarishi kerak edi. Ammo u oldi-sotdi shartnomasining nusxasini olmagan va tovarni qaytarish uchun rekvizitlarga ega emas edi.

Qo‘mita tovar sotib olish yoki foydalanishda sotuvchi va tovar haqida, shuningdek ularning ishonchliligi to‘g‘risida qo‘shimcha maʼlumotlarni tekshirishni maslahat beradi. Davolovchi qurilmalarni sotib olish va foydalanishdan oldin shifokorlar va mutaxassislar bilan maslahatlashish tavsiya etiladi.

Nazorat organi shubhali shartnomalarni imzolamaslikka va telefonlarga yuborilgan nomaʼlum havolalarga o‘tmaslikka chaqirdi. Bundan tashqari, fuqarolar hech kimga pasport maʼlumotlarini, elektron raqamli imzoni, telefon raqamini va SMS kodlarini, shuningdek boshqa shaxsiy maʼlumotlarni bermasligi kerak.

Spot, avvalroq, Ozone fitnes markazi reklama sohasidagi qoidabuzarliklar uchun jarima olgani haqida yozgan edi.