Prezident 1-dekabr kuni O‘zbekistonda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish chora-tadbirlarini tasdiqladi. Hujjat Lex.uz saytida eʼlon qilindi.

Yillik qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini 62 trln so‘mga, eksportni $1,5 mlrdga yetkazish vazifasi qo‘yilmoqda. Ekologik toza va energiya tejamkor materiallar ishlab chiqarish, ularning xavfsizligini nazorat qilishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Qurilish materiallari uchun import xomashyo 2028-yil boshigacha bojxona bojidan ozod qilinadi. Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya xomashyo turlari ro‘yxatini 2 hafta muddatda tasdiqlaydi.

2027-yilgacha Shimoliy Afrika mamlakatlari (Marokash, Jazoir, Tunis, Misr), Saudiya Arabistoni, Qatar va Mo‘g‘uliston tovarlariga bojlarni bekor qilish rejalashtirilgan. Mahsulotlarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikatlarni ikki tomonlama o‘zaro tan olish yo‘lga qo‘yiladi.

Qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida $3,5 mlrdlik yangi loyihalarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev hokimliklar va Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi bilan birgalikda bir oy muddatda ularning yig‘ma parametrlarini belgilashi kerak.

Chegara qo‘shinlariga O‘zbekiston korxonalari vakillarining “Termiz” nazorat-o‘tkazish punkti orqali Afg‘oniston chegarasini xavfsiz kesib o‘tishini taʼminlash topshirildi.

Shuningdek, qora metallar va ularning prokatini (TIF TN 7210) eksport qilish soddalashtirilmoqda. Ular oldindan to‘lovsiz, akkreditivsiz, bank kafolatisiz yoki eksport kontraktini sug‘urtalash bo‘yicha polissiz chet el valyutasida eksport qilishda imtiyozlar amal qilmaydigan tovarlar hisoblanmaydi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston JSTga aʼzo bo‘lish uchun qurilish materiallari bo‘yicha 166 ta xalqaro standartni qabul qilishi haqida yozgan edi.