Jamoat joylarida fuqarolarni elektron identifikatsiya qilish tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Hujjat ichki ishlar organlari patrul-post xizmati saf bo‘linmalari xodimlari tomonidan jamoat joylarida fuqarolarning shaxsini elektron texnik vositalar, shu jumladan, planshet orqali aniqlash tartibini belgilaydi.
Xodimlar fuqarolarni to‘xtatishi va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar yoki E-patrul tizimi orqali ularning shaxsini aniqlashi mumkin. Jumladan, shaxs jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan yoxud qidiruvda deb gumon qilish uchun asoslar mavjud bo‘lganda aniqlaydi.
Shuningdek:
- shaxsni sodir etilgan jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik haqida maʼlumotga ega deb hisoblash mumkin bo‘lganda;
- qonunga muvofiq shaxsni ushlab turish uchun boshqa qonuniy asoslar mavjud bo‘lganda.
Xodim shaxsga uni to‘xtatganlik hamda undan shaxsini aniqlash talab etilayotgani sabablari va asoslarini tushuntirib berishi shart.
Fuqarolarning shaxsiga doir maʼlumotlari planshet orqali E-patrul tizimiga to‘g‘ri kiritilishiga patrul-post xizmati xodimi masʼul hisoblanadi.
Xodim E-patrul tizimidagi shaxsga doir maʼlumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor etilmasligi hamda ushbu maʼlumotlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanilmaslik uchun javobgardir.
Sentabr oyi avvalida prezident raisligidagi yig‘ilishda notarial xizmatlarda pasportning aslini talab qilish bekor qilinishi taʼkidlangandi.
Spot, avvalroq, moliyaviy piramidani targ‘ib qilgan organ xodimlari bo‘yicha tekshiruv boshlangani haqida yozgandi.
