Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 2-dekabr kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurib, yo‘l infratuzilmasini barpo etish ishlari bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Davlat rahbariga viloyatda qurilayotgan atom elektr stansiyasida ishlaydigan mutaxassislar va ularning oilalari uchun monoshaharcha qurish loyihasi haqida ma‘lumot berildi. Shaharcha stansiyadan 16 km uzoqlikda joylashib, 10 ming kishini qamrab oladi, unda zarur infratuzilma, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etiladi.
AES qurilishi direksiyasi rahbari Abdujamil Kalmuratov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezidentga AES qurilishi jarayoni va 2026-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar haqida taqdimot qilinganini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, monoatom shaharchasini 100 gektar maydonda barpo etish rejalashtirilgan. Yana 55 gektar maydonda 5−7 qavatli, 10 ming xonadonga mo‘ljallangan turar-joylar quriladi, natijada hudud kamida 30 ming aholini qamrab oladi.
Taqdim etilgan master-rejaga muvofiq, shaharchada 220 va 240 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasalari, 990 o‘rinli umumta’lim maktabi, parklar, sport zallari, madaniyat saroyi, dorixona hamda tez tibbiy yordam stansiyasini qurish ko‘zda tutilmoqda.



Shu bilan birga, loyiha shaharcha hududida 60 va 100 o‘ringa mo‘ljallangan 2 ta mehmonxona hamda ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini barpo etishni o‘z ichiga oladi. 40 gektar hududda esa bog‘lar tashkil etiladi.
“Eng asosiysi, bu yerda ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi quriladi va bu nafaqat atomchilarga xizmat ko‘rsatadi, balki Forish tumani, umuman, Jizzax viloyatining aholisiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan ko‘p tarmoqli muassasa bo‘ladi”, — dedi Abdujamil Kalmuratov.
Shuningdek, u monoshaharcha hududida sanitar himoya zonalari, suv saqlash inshootlari, elektr podstansiyasi qurilishini ta’kidladi. Bu yerda turar joylar uchun zahira hududlarini ajratish ham ko‘zda tutilgan, “chunki urbanizatsiya natijasida shaharni kengaytiramiz”, — dedi direksiya rahbari.
Kalmuratov prezident shaharchaning zamonaviy shahar bo‘lishiga e’tibor qaratganini qayd etdi. Bundan tashqari, butun O‘zbekistonga xizmat qiladigan yadro tibbiyotini rivojlantirish bo‘yicha rejalar belgilab berildi.
Oktabr oyida kichik quvvatli AES qurilishining asosiy bosqichi boshlandi. Jizzax viloyatidagi qurilish maydonida Rossiya loyihasi bo‘yicha qurilayotgan RITM-200N reaktorli energoblok kotlovanini qazish ishlariga start berildi.
23-dekabr kuni stansiyani qurish loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkaziladi. Eshituvlarda bo‘lajak AES qurilishi va ekspluatatsiyasining atrof-muhitga ta’sirini baholash muhokama qilinadi. Uchrashuv joyi sifatida Jizzax viloyati Forish tumanidagi Bog‘don qishlog‘ining qurilish maydoni yaqinidagi 30-sonli madaniyat markazi tanlandi.
Avvalroq O‘zatom O‘zbekiston AQShning kichik yadro reaktorlari texnologiyasini o‘rganmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi.



