Qonunchilik palatasi majlisida “2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida"gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Loyihada O‘zbekiston iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning real o‘sish sur‘ati 2026-yilda 6,6% ga oshib, aholi jon boshiga $4686 ni tashkil etishi ko‘zda tutilmoqda. O‘sish sur‘atlari esa, sanoatda 6,4%, qishloq xo‘jaligida 4,2%, bozor xizmatlarida 14,5%, qurilishda 10,2% bo‘lishi prognoz qilingan. Inflyatsiya darajasining ko‘rsatkichi kamayishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, 2026-yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari prognozi 515,4 trln so‘m, xarajatlari prognozi 567 trln so‘m miqdorida, konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3%, tashqi qarzning cheklangan hajmi joriy yilga nisbatan kamayib, $5 mlrd miqdorida belgilash ko‘zda tutilgan.
Loyihada keyingi yilda ijtimoiy soha uchun ajratilgan mablag‘lar 220 trln so‘mni tashkil etib, ular umumiy xarajatlarning deyarli 55% ini tashkil qilayotgani aks etmoqda. Shuningdek, xarajatlarning 25,5%i miqdoridagi mablag‘lar ta‘lim va fan sohasi, 12,1%i sog‘liqni saqlash hamda 4,2%i aholini ijtimoiy himoya qilish jami xarajatlari uchun ajratilishi belgilangan.
Majlisda deputatlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi ko‘lamini kengaytirish, sun‘iy intellektni rivojlantirish, mahalla institutini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni ma‘qulladi.
Muhokamalarda deputatlar budjetdan ajratilayotgan mablag‘lardan samarali, oqilona foydalanish borasida davlat organlari va tashkilotlarining mas‘uliyati va javobgarligini ta‘minlash maqsadida parlament va deputatlik nazoratini olib borishi lozimligini ta‘kidladi.
Majlis davomida budjet daromadlarini oshirish, soliq bazasini yana-da kengaytirish, “yashirin iqtisodiyot"ni qisqartirish, budjet mablag‘laridan foydalanishda korrupsiya omillari va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalar berildi.
Majlisda qatnashgan 125 nafar deputatdan 124 nafari qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi, yana bir nafari ovoz bermadi. Tasdiqlash uchun byudjet yana ikkita o‘qishdan o‘tishi va Senat tomonidan maʼqullanishi kerak.
Spot, avvalroq, 2026-yil uchun davlat budjeti loyihasida nimalar belgilangani haqida yozgandi.
