Rossiyada Apple kompaniyasining Facetime videoqo‘ng‘iroqlar xizmati bloklandi. Bu haqda TACC, Gazeta.ru va boshqa Rossiya OAVlari xabar bermoqda.

Roskomnadzor (RKN) Vedomosti nashriga Facetime xizmatiga nisbatan cheklov choralarini joriy qilganini ma’lum qildi.

Nazorat organi Apple qurilmalari uchun videoqo‘ng‘iroqlar xizmatining bloklanishini huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, ilova Rossiyada terrorchilik harakatlarini tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, ularning ijrochilarini yollash, firibgarlik va boshqa jinoyatlarni sodir etish uchun ishlatilishi bilan izohladi.

Rossiyadagi foydalanuvchilar sentyabr oyi boshidan beri xizmatdagi nosozliklardan shikoyat qilishgan. Facetime faoliyati qachon cheklanganiga aniqlik kiritilmagan.

13-avgust kuni Roskomnadzor Telegram va WhatsApp orqali qo‘ng‘iroqlarni chekladi. O‘shanda ulardan firibgarlik sxemalari va terrorizmda foydalanish, shuningdek, bunday harakatlarga qarshi kurash bo‘yicha talablarni e’tiborsiz qoldirish ham sabab sifatida ko‘rsatilgan.

29-noyabr kuni regulyator WhatsApp’ni bosqichma-bosqich bloklashni boshlaganini ma’lum qildi. Regulyator o‘z xabarida buni Rossiya qonunchiligining buzilishi bilan izohladi.

Messenjer, RKN ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat hududida terrorchilik harakatlarini tashkil etish va amalga oshirish, ularning ijrochilarini yollash, rossiyaliklarga qarshi firibgarlik va boshqa jinoyatlar uchun ishlatiladi.


Avvalroq Android va iPhone smartfonlari o‘rtasida AirDrop xizmati ishga tushgani haqida xabar berilgandi.

Agar Apple bu funksiyani taqiqlamasa, Google uni boshqa Android smartfonlariga, jumladan Samsung, Xiaomi va boshqalarga ham joriy etishni rejalashtirmoqda.