Hozirgi vaqtda 2027-yilgi Diversity Visa (Green Card) dasturida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish jarayoni boshlanmagan. Bu haqda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.

Elchixona lotereya uchun ro‘yxatdan o‘tish allaqachon boshlangani hamda g‘olib bo‘lish imkoniyatini oshirib berishni da’vo qilgan shaxslar va xizmatlar haqida tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

DV-2027 uchun ro‘yxatdan o‘tish muddatlari va bu yilgi ariza topshirish jarayonidagi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar aniq bo‘lishi bilan Davlat departamenti tomonidan e’lon qilinadi.

AQSh Davlat departamenti joriy yilning 16-sentabridan boshlab Green Card lotereyasi uchun $1 miqdorida to‘lov joriy etdi. Shu paytgacha lotereya xarajatlari faqat tanlangan arizachilardan olinadigan $330 miqdoridagi viza uchun ariza to‘loviga qo‘shib kelingan bo‘lsa, endi xarajatlarning bir qismi ro‘yxatdan o‘tish vaqtida barcha ishtirokchilardan undiriladi.

Har yili Green Card uchun arizalar qabuli oktabr oyida boshlanardi. Biroq, yuqoridagi o‘zgarishlar fonida bu muddat haligacha kechikmoqda. Departament esa Diversity Visa (DV) vizasini olish uchun ariza topshirish jarayoniga texnik va tashkiliy o‘zgarishlar kiritdi.

“Biz DV-2027 uchun ro‘yxatdan o‘tish boshlanadigan sanani va DV-2027 uchun tanlov natijalari ariza holatini tekshirish tizimi (ESC) orqali ma’lum bo‘ladigan sanani iloji boricha tezroq e’lon qilamiz”, — deyiladi xabarda.

Ushbu o‘zgarishlar DV-2027'da ishtirok etish uchun tanlangan shaxslarning viza olish uchun ariza topshirish muddatiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Bu muddat 2026-yil 1-oktabrdan 2027-yil 30-sentabrgacha o‘zgarishsiz qoladi.

Avvalroq AQSH 19 ta davlat fuqarolariga berilgan grin-kartalarni qayta ko‘rib chiqishi haqida xabar berilgandi.