Toshkent shahrida ekologiyani asrash yuzasidan chora-tadbirlar asosida qurilish obyektlarida o‘rganishlar o‘tkazildi. Bu haqda Toshkentda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiya Telegram-kanalida xabar berildi.
Nazorat tadbirlarida 97 ta obyekt o‘rganilib, 14 ta holatda chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish talablari buzilgani aniqlandi.
Yana 9 ta holatda ifloslantiruvchi moddalarning yo‘l qo‘yiladigan doiradagi normativlardan ortiq darajada atmosferaga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilgan. 52 ta holatda esa qurilish maydonining 25%i ko‘kalamzorlashtirilmagan.
Yakunda, 6 ta obyektda suv purkagich o‘rnatildi, 12 ta obyektda avtotransport vositalari g‘ildiraklarini yuvish hovuzlari barpo etildi, salbiy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha 14 ta yozma ko‘rsatma berildi.
Shuningdek, havo sifatiga zarar keltiradigan 4 ta obyektdagi qurilish ishlari to‘xtatildi. 47 nafar shaxs rasman ogohlantirildi, 41 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Bundan tashqari, reyd tadbirlari davomida 3-dekabr kuni issiqxonalar faoliyati ham o‘rganildi.


Zangiota tumanida 176 ta, Toshkent tumanida 20 ta, Qibray tumanida 182 ta, Yuqorichirchiq tumanida 7 ta, Yangiyo‘l tumanida 45 ta issiqxona faoliyati o‘rganildi.
Jami 22 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Noyabr oyi oxirida prezident Toshkentda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqladi. Kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi.
24−25-noyabr kunlari tezkor guruhlar Toshkent shahri va poytaxtga yaqin joylashgan uchta tumandagi issiqxonalar hamda boshqa korxonalarda tekshiruv o‘tkazdi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, 34,8 mln so‘mlik jarimalar qo‘llanildi, shuningdek, atmosferaga salbiy ta’sir ko‘rsatgani sababli 18 ta obyekt vaqtincha yopildi.
Bundan tashqari, Toshkent viloyatida chiqindilarni yoqib yuborgan qurilish materiallari zavodlari yopildi. Yangiyo‘l atrofidagi korxonalar yoqilg‘i o‘rniga polietilen va chiqindilardan foydalangan, natijada atmosfera ifloslangan.
Noyabr oyi oxirida Toshkent shahrida havoni ifloslantirayotgan 15 ta qurilish obyektida ishlar to‘xtatilgandi. O‘tkazilgan tadbirlarda 96 ta obyekt o‘rganilib, ularning 60 tasida chang va qum orqali havo ifloslanishi, 47 tasida esa ko‘kalamzorlashtirish talablari buzilgani aniqlangan edi.
Avvalroq prezident butun mamlakatda havo ifloslanishiga qarshi choralarni kuchaytirishni topshirgandi.


