Markaziy bank voyaga yetmagan shaxslarga bank kartalarini ochishda biometrik identifikatsiyadan o‘tish bilan bog‘liq muammolar yuzasidan tushuntirish berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lganlarga karta ochishda ularni bank yoki to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalariga biriktirishda biometrik identifikatsiyadan o‘tish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelayotganini bildirishmoqda.

Bank kartalari bilan bog‘liq firibgarliklarning oldini olish uchun Markaziy bank ko‘rsatmasi bilan ilovalarda yuz orqali shaxsni tasdiqlash (Face ID) mexanizmi joriy etilgan. Bu yangi foydalanuvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish, parollarni qayta tiklash va hisobga boshqa qurilmadan kirishda qo‘llaniladi.

Shundan kelib chiqib, Markaziy bank banklar va xizmatlarga 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga onlayn to‘lovlarni amalga oshirishga ruxsat berish yuzasidan tegishli ko‘rsatma yubordi.

Bunda xatarlarni boshqarish siyosatidan kelib chiqib, yuqori xatarli amaliyotlar uchun qo‘shimcha identifikatsiya mexanizmini saqlab qolish belgilangan.

Banklar va to‘lov xizmatlari “qisqa davr ichida” voyaga yetmagan shaxslar uchun onlayn to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratadi. Markaziy bank bu haqda alohida eʼlon qiladi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda universal to‘lov QR-kodi paydo bo‘lishi haqida yozgandi.