Shavkat Mirziyoyev 3-dekabr kuni kimyo sanoatida ishlab chiqarish va eksportni oshirish hamda tannarxni pasaytirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatda kimyo sanoatini jadal rivojlantirish va raqamlashtirish bo‘yicha aniq strategiya qabul qilingan. 2030-yilgacha tarmoq hajmini kamida ikki barobarga oshirish, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni 1,5 barobarga ko‘paytirish va eksport hajmini $1 mrldga yetkazish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda tarmoqda umumiy qiymati 1 mlrdlik 21 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda, kelgusi uch yil uchun yana $4,5 mlrdlik tashabbuslar shakllantirilgan.

Taqdimotda kimyo sanoatidagi yirik korxonalarda baʼzi ishlab chiqarish quvvatlarining eskirgani oqibatida energiya xarajatlarining yuqoriligi va raqobatbardoshlik pastligi ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, azotli o‘g‘itlar tannarxining 55% gacha qismi energiya xarajatlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Sohada energiya tejamkor texnologiyalarni joriy qilish va raqamlashtirish orqali xarajatlarni keskin qisqartirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Dunyoda kimyo mahsulotlarining bozori tez surʼatlar bilan o‘sib bormoqda. Qo‘shni mamlakatlarda $1 mlrdlik mahsulotlarga talab va logistika uchun qulay sharoitlar bo‘lsa-da, mazkur salohiyatdan yetarlicha foydalanilmayotgani qayd etildi.

Taqdimotda mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash hisobiga yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish va eksportni kamida ikki barobarga oshirish mumkinligi taʼkidlandi.

Joriy yilda Toshkent, Navoiy va Jizzax viloyatlarida “yashil” mineral o‘g‘itlar, sian tuzlari, kaliy ksantogenat, kaliy sulfati kabi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar chiqaradigan loyihalar ishga tushdi. Ushbu yangi mahsulotlar eksportini oshirishni hozirdan hisob-kitob qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Kelgusi yilda 4,5 mln tonna paxta yetishtirish maqsad qilingan. Buning uchun fosforli o‘g‘itlarning yetarli zaxirasini tayyorlash, o‘g‘it ishlab chiqaruvchilarga yetarli miqdorda sulfat kislotasini yetkazib berish vazifasi qo‘yildi.

Fermerlarni o‘g‘it bilan taʼminlash uchun imtiyozli kreditlar ajratish ishlarini tezroq boshlash zarurligi taʼkidlandi.

Prezident kimyo sanoati mamlakat iqtisodiyotidagi strategik tarmoq ekanini taʼkidlab, ichki bozorni barqaror taʼminlash, eksport salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.

2025-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston oltin, oziq-ovqat, o‘g‘it, kiyim-kechak va gaz eksportini keskin oshirgandi.


Spot, avvalroq, O‘zbekistonga sement importi 8 barobardan ko‘proq qisqardi, eksport esa oshgani haqida yozgandi.