Rossiyaning Wildberries marketpleysi 2026-yil oxirigacha O‘zbekistonda yirik logistika markazini ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Rossiya bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov ma’lum qildi.

3-dekabr kuni Toshkentda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyasining 26-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston hukumati nomidan bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ishtirok etgan yig‘ilishda ijtimoiy-iqtisodiy, energetika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik muhokama qilindi.

Xususan, tomonlar farmasevtika ishlab chiqarishini mahalliylashtirish, dori-darmonlar yetkazib berishni kengaytirish va malakali kadrlar tayyorlash masalalarini ko‘rib chiqdi.

Savdo va xizmatlar sohasini rivojlantirish, turizm loyihalari, gumanitar, ilmiy va ta’lim almashinuvi, shuningdek, O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Rossiya tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 5% dan ko‘proqqa oshib, $10 mlrddan oshgan (Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra — $11,63 mlrd). Joriy yilning to‘qqiz oyida o‘zaro savdo hajmi yana 8% ga oshdi. Qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli qariyb $55 mlrdni tashkil etadi.

Denis Manturovning aytishicha, Chirchiq va Jizzaxdagi qo‘shma sanoat parklarining rezident kompaniyalari soni dunyoning turli mamlakatlaridan 30 dan ortiqni tashkil etadi.

Bundan tashqari, mamlakatlar o‘rtasida bir necha yo‘nalishlarda energetika sohasidagi hamkorlik rivojlanmoqda: Rossiya energiya tashuvchilarini (gaz, neft va neft mahsulotlarini) yetkazib berish, geologiya-qidiruv, tog‘-kon sanoati, shuningdek, gidro va atom energetikasi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish.

Rossiya Federatsiyasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, Wildberries platformasida sotilgan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi $605 mlnni tashkil etganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya marketpleysi O‘zbekiston tovarlari uchun eng yirik savdo tarmog‘iga aylandi.

“Kompaniya 100 ming kvadrat metrga ega bo‘lgan mamlakatdagi eng yirik logistika markazini qurishni rejalashtirmoqda. Investitsiyalar hajmi 11 mlrd rubldan ortiq ($142 mln — Spot izohi) deb baholanmoqda, yangi ish o‘rinlari soni esa qariyb 7,5 mingtani tashkil etadi. Ombor majmuasini bosqichma-bosqich ishga tushirish kelasi yil oxirigacha rejalashtirilgan”, — dedi Manturov.

Tadbir yakunida Jamshid Xo‘jayev va Denis Manturov hukumatlararo komissiyaning 26-yig‘ilishi bayonnomasini, shuningdek, 2025−2030 yillarga mo‘ljallangan hududlararo hamkorlik “Yo‘l xaritasi"ni imzoladilar.

Shu bilan birga, ularning ishtirokida 2025−2026 yillarga mo‘ljallangan Boshqirdiston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik rejasi, Rossiya Kichik va o‘rta biznes korporatsiyasi hamda O‘zbekiston Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi o‘rtasidagi memorandum imzolandi.

Avvalroq Wildberries O‘zbekistonda o‘z taksi xizmatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.