PL/SQL ((Procedural Language/Structured Query Language) bugungi kunda global miqyosda keng qo‘llaniladigan, ammo ancha ixtisoslashgan dasturlash tili hisoblanadi. 2025-yilning avgust oyi holatiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 21 mingdan ortiq kompaniya Oracle PL/SQL'dan foydalanadi. Ularga asosan banklar, sug‘urta tashkilotlari, chakana savdo tarmoqlari hamda sog‘liqni saqlash sohasi vakillari kiradi.

O‘zbekistonda esa PL/SQL ko‘proq banklar, sug‘urta kompaniyalari va yirik IT-vendorlarida qo‘llaniladi. Masalan, kartadan kartaga pul o‘tkazish, kredit olish yoki depozit ochish kabi moliyaviy operatsiyalar PL/SQL protsedurali logikasi orqali amalga oshiriladi.

Oddiy qilib aytganda, Oracle PL/SQL — bu moliyaviy texnologiyalar tizimining “dvigateli"dir. Agar ushbu yo‘nalish mutaxassislari bo‘lmasa, jarayon izidan chiqishi, ish to‘xtab qolishi va tizim barqarorligi buzilishi mumkin. Bu til bilan ishlaydigan jamoa liderlari esa murakkab jarayonlarni nazorat qilib, yechimlar sifatini ta’minlaydi.

Spot bu safar Uzum’da Oracle PL/SQL team lead’i Sardorbek Xo‘jayev bilan PL/SQL nima ekanligi, bu dasturlash tilini o‘rganish nega muhimligi haqida suhbatlashib, Uzum’da dasturchilarning bir kunlik ish jarayoni bilan tanishdi.

Intervyuning to‘liq versiyasi video-shaklda taqdim etilgan:


oracle pl/sql, sardorbek xo‘jayev, team lead, texnologiyalar, uzum

Sardorbek Xo‘jayev,

Uzum'da Oracle PL/SQL team lead’i.

IT sohasiga ilk bor 16 yoshimda kirib kelganman. O‘sha paytda Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti qoshidagi akademik litseyda o‘qirdim va turli to‘garaklarga qatnashardim — ularning orasida dasturlash bo‘yicha to‘garak ham bo‘lardi.

Otam menga: “Dasturlashda ham o‘zingni sinab ko‘r, bu zo‘r soha, hozir tez rivojlanyapti”, — deb maslahat berganlar. Shu maslahatni eshitib, unda ham o‘zimni sinab ko‘rishga qaror qilganman.

Shundan so‘ng dasturlash bilan shug‘ullana boshladim. Bu menga matematikaga juda o‘xshash tuyuldi: masala bor, yechim bor, javob mavjud. Dasturlashda ham xuddi shunday — vazifa, algoritm va natija. Shu jarayon menga zavq bera boshladi.

2018-yilda Toshkentdagi Turin politexnika universitetiga o‘qishga kirganimda, asta-sekin robototexnikaga qiziqa boshladim. Bakalavrni tugatishimdan oldin Akfa kompaniyasida amaliyotchi sifatida ish boshladim va ikki yil davomida shu yerda faoliyat yuritdim. Asosiy vazifamiz ishlab chiqarish zavodlarida avtomatlashtirish jarayonlarini yo‘lga qo‘yish, turli tizimlarni takomillashtirish va xarajatlarni kamaytirish bo‘yicha yechimlar ishlab chiqish bo‘lgan.

2021-yilga kelib esa “Bu yog‘iga nima qilsam ekan?”, deb o‘zimni so‘roqqa tuta boshladim. Shu davrda turli loyihalar bilan shug‘ullandim: ta’lim markazi ochishga harakat qildik, startaplar ustida ishladik. Bir muddat logistika sohasi ham e’tiborimni tortdi. O‘sha paytda bu soha juda rivojlanayotgan, daromadi ham tez o‘sib borayotgani sabab, men ham o‘zimni bu yo‘nalishda sinab ko‘rdim.

Kun davomida 09:00 dan 18:00 gacha IT sohasida ishlab, kechqurun logistika bilan shug‘ullanardim — hatto Amerikaning treking kompaniyasini boshqarishda amaliyot o‘tkazdim. Moliyaviy jihatdan IT’dan ikki baravar foydali bo‘lishiga qaramay, yuragim bu sohaga tortmadi. Qiyin bo‘lsa-da, logistikani tashlab, IT’ni davom ettirishga qaror qildim.

Oradan vaqt o‘tib, tajribamni boyitib bordim va 2023-yilda Uzum kompaniyasiga dasturchi bo‘lib keldim, keyinchalik ma’lumotlar bazalari bo‘yicha timlid bo‘lib faoliyatimni davom ettirdim.

Barchasi Oracle PL/SQL haqida

Oracle PL/SQL — Oracle ma’lumotlar bazasi uchun maxsus dasturlash tili bo‘lib, SQL buyruqlarini protsedural imkoniyatlar bilan birlashtiradi. Uning asosiy vazifasi ma’lumotlarni to‘g‘ri saqlash, qayta ishlash va hisoblashni ta’minlashdir.

Masalan, sizga oylik tushishi, kartadan kartaga pul o‘tkazish, kredit olish yoki depozit qo‘yish kabi barcha bank xizmatlari shu texnologiya orqali amalga oshadi. Biz milliardlab mijozlarning trillionlab tranzaksiyalarini to‘g‘ri qayd etisg, hisob-kitob qilish va eng muhimi, pulingiz xavfsiz saqlanishi uchun zarur bo‘lgan protsedura va mantiqni ishlab chiqamiz.

Oracle bazasi O‘zbekistonda asosan banklar, sug‘urta kompaniyalari, vendorlar va ayrim xususiy IT kompaniyalarda qo‘llaniladi.

Mazkur dasturlash tilida ishlovchi team lead esa o‘z jamoasining to‘g‘ri va sifatli natijalarga erishishi va rivojlanishini ta’minlaydi. U vazifalarni boshqaradi, jarayonlarni nazorat qiladi, jamoaga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, zarur hollarda o‘zi ham kod yozib, loyihalarda faol ishtirok etadi.

Bu tilning boshqalaridan farqi

PL/SQL ixtisoslashgan til bo‘lib, ba’zida uni texnik muhandislarga ham alohida tushuntirishga to‘g‘ri keladi, chunki hamma ham bu tilni bilavermaydi.

SQL bazalari odatda bir-biriga o‘xshash: Oracle SQL, Microsoft SQL va boshqa tizimlarda ishlash mumkin. Ammo PL/SQL'ning ulardan farqi shundaki, unda protseduraviy mantiq yozish imkoniyati mavjud. Bu uning chuqur detallarida ham seziladi.

Umumiy ko‘rinishda u Pascal’ga o‘xshaydi, ma’lumotlar ustida manipulyatsiyalar qilish, biznes logikani yozish, tranzaksiyalarni boshqarish kabi jarayonlarni qulay amalga oshirish imkonini beradi. Eng katta afzalligi — ma’lumotlar bazasi bilan logika bir darajada turib, darhol boshqarish imkonini berishidir.

Agar Java bilan solishtirsak, Java keng qamrovli, general-purpose til hisoblanadi. Unda turli integratsiyalarni oson amalga oshirish, mobil va web ilovalar yaratish mumkin. PL/SQL esa faqatgina baza logikasini yozish uchun mo‘ljallangan.

PL/SQL hech qachon front-end uchun ishlatilmaydi. Har doim bizning texnologiyamiz ustida Java, .NET, Python yoki Go kabi tillarda yozilgan tizimlar turadi, uning ustida esa front-end joylashadi. Biz esa chuqur texnik qatlam — ma’lumotlar, tranzaksiyalar va pul oqimlari boshqariladigan qatlamda ishlaymiz.

Daromadi qanday?

Bu korporativ sir. Team lead’larning o‘rtacha maoshi odatda yaxshi darajada bo‘ladi. Ko‘pincha bu lavozimda ish haqi kompaniyaga qarab individual belgilanadi.

Mening tajribamda esa team lead’ning qo‘shimcha mas’uliyatlari bo‘lgani va undan maxsus yondashuv talab etilgani sababli korxonalar odatda ularga ko‘proq maosh to‘lashga tayyor bo‘lishadi.

Talab yuqorimi?

PL/SQL database development — bu “butik” soha. Uni kiyim-kechak bozoriga qiyoslasak, mass-market brendlar ko‘pchilikka xizmat qiladi va narxlari o‘rtacha bo‘ladi. PL/SQL esa bundan farqli ravishda ixtisoslashgan yo‘nalish bo‘lib, bu sohada mutaxassislar ko‘p emas, lekin talab mavjud.

Bozorni kuzatsangiz, vakansiyalar kam chiqadi, ammo chiqqan zahoti kompaniyalar tezda mutaxassisni ishga olishga harakat qiladi. Ishga olingandan keyin esa bozor “jimjit” bo‘lib qoladi.

O‘zbekiston sharoitida yuzlab yoki minglab PL/SQL dasturchilari kerak emas. Lekin ma’lum bir songa yetishi shart, chunki ular bo‘lmasa turli tizimlar ishlamaydi, jarayonlar to‘xtab qoladi, sifat esa pasayib, tartibsizlik yuzaga keladi.

Ish bor, endi oliy ta’lim kerakmi, degan savol tug‘iladi. Hozirgi yoshlarda bakalavr diplomi yoki universitetda o‘qish shart emas, degan qarash mavjud. Lekin tajribamda oliygohda olgan bilimlarim faoliyatim davomida mustahkam baza bo‘lib xizmat qilgan. Men ma’lumotlar bazasining asosiy qismini universitetda o‘rganganman va keyinchalik ish jarayonida chuqurroq o‘zlashtirishimga aynan fundamental bilimlarim yordam bergan.

Qayerdan o‘rgansa bo‘ladi?

Umuman olganda, Oracle va PL/SQLni o‘rganish uchun imkoniyatlar ko‘p. Udemy, Coursera kabi platformalarda turli kurslar mavjud, shuningdek kitoblar orqali ham chuqur bilim olish mumkin.

Kitoblardan esa quyidagilarni tavsiya qilishim mumkin:

  • Effektiv odamlarning yetti odati”, S. Kovin. Bu kitob shaxsiy rivojlanish va liderlik bo‘yicha klassik asardir. Muallif samarali odatlarni shakllantirish orqali inson o‘z hayotini va ishini qanday o‘zgartirishi mumkinligini ko‘rsatadi;
  • Ishonch tezligi”, R. Kovey. Bu asarda ishonchning biznes va shaxsiy hayotdagi o‘rni chuqur tahlil qilinadi. Muallif ishonch mavjud bo‘lsa jarayonlar tezlashishi, xarajatlar kamayishi, ishonchsizlik esa aksincha sekinlik va tartibsizlikka olib kelishini ta’kidlaydi;
  • Oyi, men timlidman”, M. Pereskokova. Bu kitob IT sohasida yoki boshqa jamoalarda yangi team lead bo‘lganlar uchun amaliy qo‘llanma sifatida yozilgan. Muallif jamoani boshqarish, motivatsiya berish, muammolarni hal qilish va kommunikatsiyani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bo‘yicha real tajribalarini ulashadi.

Timlidlar duch keladigan muammo va unga yechimlar

Tajribamda shunday holat bo‘lgan, mendan yoshi kattaroq bo‘lgan xodim meni rahbar sifatida qabul qilmagan: “Nega bu odam meni boshqaryapti?”, “Nega u?”, kabi savollar ko‘p bo‘lgan.

Bundan tashqari u xodim bilan ishga bo‘lgan yondashuvlarimiz ham turlicha edi: u uchun eng muhimi — natijani qanday bo‘lsa ham tez yetkazish, men uchun esa jarayonlarni to‘g‘ri qurish, qoidalarga rioya qilish va jamoada xodimlar o‘rnini bir-biri bilan bemalol almashtira oladigan darajada moslashuvchan bo‘lishiga e’tibor qaratish bo‘lgan. Shu sababli o‘rtamizda muayyan qiyinchiliklar yuzaga kelgan.

Bu vaziyatda otamdan maslahat so‘radim. Ular ishlab chiqarish sohasida yuzlab, minglab odamlarni boshqargan tajribali rahbar sifatida: “Doimo professionallikni saqla, ish ber va tekshir”, — deb maslahat berdilar. Men bu yondashuvni bir necha bor sinab ko‘rdim, ammo baribir shaxsiy tomonlama kelishmovchiliklar saqlanib qoldi. So‘ngra, u xodim bilan muloqot qilib masalani yechishga harakat qildim. Natijada xodim ham muammoni tan olib, sekin-sekin vaziyat ijobiy tomonga o‘zgardi.

Yangi dasturchilarga maslahatlar

Dasturchi doimo o‘z ustida ishlashi kerak. Qobiliyatlarni kengaytirish, tajribani oshirish va loyihalar sonini ko‘paytirib borish — muvaffaqiyat kaliti hisoblanadi. Harakat qiling, turli vakansiyalarga topshiring, tajriba orttiring.

Faqatgina “mana shu jamoaga qo‘shilaman”, deb cheklanib qolmang. O‘zingizni shunday darajada rivojlantiring-ki, kompaniyalar sizni o‘zlari ishga olishni xohlashsin. Bu Uzum bo‘lsin yoki boshqa korxona — hamma sizni mutaxassis sifatida qadrlashi kerak.

Buning uchun loyihalar yarating, doimo o‘zingiz ustingizda ishlang va savol berishdan qo‘rqmang. Aytishadi-ku, savol bergan odam hech qachon yutqazmaydi. O‘zingizga ko‘proq ishonib, harakatni davom ettiring. Hozirgi bozor juda raqobatbardosh, shuning uchun ham eng ko‘p mehnat qilgan va har tomonlama rivojlanganlargina g‘olib bo‘ladi. Albatta, texnik bilimlar bilan bir qatorda soft skill’ga ham e’tibor berish zarur.

Agar dasturlashni endigina o‘rgana boshlagan vaqtimga qaytganimda, o‘zimga beradigan maslahatim shunday bo‘lardi: sohangni faqat texnik jihatdan o‘ylab qolma. Biznes nuqtai nazaridan, foydalanuvchi tomonidan ham fikrlashga harakat qil va biznes mantiqni chuqur o‘rgan. Bu seni ancha oldinga olib chiqadi.

Dasturlash — bu faqat kod yozish emas. Biz odamlarning hayotini qulaylashtiramiz, ularga sifatli xizmatlar taqdim etamiz. Shu xizmat nima uchun va qanday berilayotganini nafaqat dasturchi, balki har bir mutaxassis tushunishi kerak.