Kelajakda Telegramda kirish kalitlari (Passkey) yordamida avtorizatsiya qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu haqda Telegram Info xabar berdi.
Telegramning Android 12.2.8 uchun Beta-versiyasida ushbu funksiyani joriy etishning dastlabki belgilari ko‘zga tashlandi.
Passkey’ning asosiy afzalligi — telefon raqami va bir martalik kodni kiritmasdan hisobga kirish hisoblanadi. Bu pochta orqali kirish yoki SMS-kodga muqobil bo‘lgan Google / Apple ID hisoblaridan farqlanadi.
Ilovaning bosh ekranida “Passkey orqali kirish” tugmasi paydo bo‘ldi. Tugmani bosish parollar boshqaruvchisini ishga tushiradi.
U yuz, barmoq izi yoki ekran qulfi PIN kodi orqali shaxsingizni tekshiradi va keyin messenjerga kerakli kalitni yuboradi. Bu kalit bir vaqtning o‘zida login, parol va bir martalik tasdiqlash kodi vazifasini bajaradi.
Pochta orqali kirish kabi, yangi funksiyani oldindan Telegramning maxfiylik sozlamalarida sozlash kerak bo‘ladi. Kalit siz yaratgan telefonda saqlanadi, lekin uni Google Password Manager, iCloud Passwords yoki boshqa ilovalar orqali boshqa qurilmalar bilan sinxronlash mumkin.
Bu nima uchun muhim?
- SMS-larga bog‘liqlikni kamaytirish: Bu hatto sizda faol sessiyalar bo‘lmagan va Telegramdan keladigan SMS-lar aloqa operatorlari tomonidan bloklangan vaziyatlarda ham kirishni ta’minlaydi.
- Xavfsizlik: Passkey parollar boshqaruvchingizning himoyalangan qismida saqlanadi — uni fishing saytida tutib olish yoki kiritish imkonsiz.
- Tezlik: Kirish biometriya (yuz yoki barmoq izi) orqali bir teginishda amalga oshiriladi. Telefonni almashtirganingizda, Passkey parollar boshqaruvchisi tomonidan Google hisobi yoki Apple ID orqali avtomatik ravishda sinxronlanadi.
Qayd etilishicha, messenjer tomonidan hozirda funksiya ishlab chiqilmoqda va to‘liq ishlamayapti.
Avvalroq Telegram ayrim davlatlar uchun akkauntni tasdiqlashni pullik qilgani haqida xabar berilgandi.
Bunday xabarning narxi o‘rtacha $1 dan $1,5 gacha bo‘lib, xarajat bir haftalik Premium obunasi bilan qoplanadi.
