O‘zbekiston Osiyo infratuzilma investitsiyalari bankidan “yashil” iqtisodiyotga o‘tish uchun moliyalashtirish paketini jalb qiladi. Bu haqda moliya tashkiloti matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston hukumati noyabr oyi oxirida OIIB bilan bitim imzoladi. Hujjat ekologik, barqaror va bozorga yo‘naltirilgan iqtisodiyotni barpo etishga qaratilgan islohotlar dasturini amalga oshirish uchun $500 mln ajratishni nazarda tutadi.

Dastur doirasida past uglerodli o‘sishni taʼminlash, iqlim o‘zgarishiga bardoshlilikni oshirish, shuningdek, davlat sektorini yana-da samaraliroq qilish uchun transformatsiya qilish siyosatini mustahkamlash rejalashtirilmoqda.

Asosiy choralarga quyidagilar kiradi:

  • energetika sektori va davlat kompaniyalarida shaffoflikni oshirish;
  • iqlimga yo‘naltirilgan davlat xaridlari standartlarini joriy etish;
  • uglerod birliklarini yaratish va muomalaga chiqarish uchun shaffof qoidalarni shakllantirish, ushbu sohada ishonchli hisobot, monitoring va tekshirish tizimini yaratish.

Islohotlar to‘plami “yashil” energetikani keng joriy etish, resurslardan oqilona foydalanish va tartibga solishni takomillashtirish nazarda tutadi. Ularning amalga oshirilishi issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va havo sifatini yaxshilashga imkon beradi, deb kutilmoqda.

OIIB baholashiga ko‘ra, energiya samaradorligi texnologiyalariga kengroq kirish energiya xarajatlarini kamaytirishi mumkin. Bu tufayli hayot sharoitlari, birinchi navbatda zaif guruhlar uchun yaxshilanadi.

“Asosiy iqlim islohotlarini ilgari surib, Dastur iqlim moliyalashtirishini kengaytirish va xususiy sektorning ishtirokini oshirish uchun sharoit yaratadi. Biz O‘zbekiston hukumati bilan uning „yashil“ o‘tish yo‘lida yaqin hamkorlikni davom ettirishga umid qilamiz”, — dedi OIIB mintaqaviy direktori Konstantin Limitovskiy.

OIIB iqlimga yo‘naltirilgan moliyalashtirish siyosati doirasida islohatlarga yordam ko‘rsatmoqda. Moliyalashtirish bankning yashil infratuzilmani rivojlantirish va xususiy investitsiyalarni jalb qilish yo‘nalishlaridagi ustuvor vazifalariga mos kelishi taʼkidlanmoqda.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston inklyuziv moliya sektorini rivojlantirish uchun Osiyo taraqqiyot bankidan $300 mln olishi haqida yozgandi.