Biznesni rivojlantirish banki xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Bankning Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi xodimi Sho‘rchi tumanida yashovchi fuqaro nomiga kredit ajratilishi bo‘yicha $2000 va 1,3 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Fuqaro bank xodimiga 17 mlrd so‘m kredit ajratilishi yuzasidan murojaat qilgan. Bank xodimi esa fuqaroga kredit olish uchun garov mulki sifatida qo‘yilishi kerak bo‘lgan bino “Elektron baholash” tizimining xulosasiga ko‘ra yetarli qiymatga ega emaslini bildirgan.

U mazkur masalani hal qilish uchun pul talab qilgan.

Hozirda mazkur bank xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (Firibgarlik xizmat mavqeidan foydalangan holda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Iyul oyida Namangan viloyati bojxona boshqarmasiga qarashli Uchqo‘rg‘on chegara bojxona posti inspektori pora bilan ushlangandi.


Avvalroq Asia Alliance Bank Humansni 65 mlrd so‘mlik qarzdorlik uchun sudga bergandi.