Xitoyning sharqiy qismida sun’iy intellekt texnologiyalari bilan jihozlangan robot-nazoratchi faoliyat boshladi. Bu haqda China News nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, robot-nazoratchi Xanchjou shahridagi chorrahalarning birida navbatchilikni o‘z zimmasiga oladi.
Yo‘l harakati nazoratchilarining odatiy imo-ishoralarini bajarmoqda va yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchi hamda piyodalarga ovozli ogohlantirishlar bermoqda.
YHXX vakilining tushuntirishicha, Xansin-1 robotining harakatlari haqiqiy yo‘l inspektorlarining imo-ishoralariga asoslangan bo‘lib, sun’iy intellekt modeli haqiqiy trafik sharoitida o‘rganish orqali asta-sekin takomillashib bormoqda.
Robot tizimi svetofor uskunalari bilan integratsiyalashgan bo‘lib, yo‘l boshqaruv signallariga muvofiq ravishda o‘z ish rejimini o‘zgartira oladi.
Kompyuter ko‘rish moduli velosipedchilar kabi motorsiz transport vositalaridan foydalanuvchilar orasidagi qoidabuzarliklarni aniqlash imkoniyatiga ega.



Hozircha robotning avtonom ishlash muddati ma’lum qilinmagan. Faqat shunisi aniqki, Xitoyning boshqa hududlaridagi shunga o‘xshash politsiya robotlari odatda bir marta quvvatlangandan so‘ng 6−8 soat davomida ishlaydi.
Keyingi versiyalarning keng ko‘lamli ish ssenariylariga moslashtirilishi va aholi uchun yanada qulayroq hamda foydali xizmatlarni taqdim etishi kutilmoqda.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda ayrim yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jazo o‘rniga ogohlantirish berilishi haqida yozgandi.
Shuningdek, foto va video qayd etuvchi vositalar orqali aniqlanadigan huquqbuzarliklarning turlari va jazo muddati aniq belgilanadi.



