Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 4-dekabr kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurib, hududda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Prezident tashrif doirasida viloyat faollari va nuroniylar bilan uchrashib, iqtisodiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda hudud kelajagi yuzasidan muloqot qildi.
Davlat rahbari kelasi yilda Sirdaryoda kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha viloyati hokimiga vazifalar berganini ta’kidladi. “Mahalla yettiligi” aholi orasiga kirib borishi, yoshlar bilan ishlashishi kerakligini qayd etdi.
“Odamlarni ongi o‘zgargan. Umrimiz paxta dalalarida bekor o‘tgan ekan, biz 27 yil qiynalganmiz paxta degan baloni deb. Hammamiz dalada yurdik, birimiz ikki bo‘lmadi”, — dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev o‘z so‘zi davomida Jizzax viloyatiga tashrifi doirasidagi uchrashuvda fermerlar paxtadan 85 sentner hosil olgani aytilganini ta’kidladi. Bu haqda O‘zbekiston 24 telekanali lavhasidan ma’lum bo‘ldi.
Sirdaryodagi fermerlardan biri esa joriy yilgi paxta mavsumida bir gektaridan 76 sentner hosil olgani, “bu mo‘jizaviy holat” ekani hamda natijalar “barchani hayratlantirgani"ni bildirdi. Prezident bu daromad manbayini shakllantirishini qayd etib, “70 sentnerning daromadi ham shunga yarasha bo‘ladi”, dedi.
“Tasavvur qiling, shuncha mehnatimizga 50 sentner hosil olganimizda daromadimiz qancha bo‘lardi? Bolalarimizni qanday o‘qitardik? Ilm yo‘q, tajriba yo‘q. „Ura-ura“, qilib yuraverdik, bilimsiz. Hammani dalaga chiqarib, pul, texnika bermadik, olimlarni pisand qilmadik. 25 sentner ham hosil olmadik-ku. Mana, qilsa bo‘lar ekan-ku!”, — dedi prezident.
Shu bilan birga, davlat rahbari oldin ishlab chiqargan mahsulot sarflangan xarajatlarni qoplamaganini qo‘shimcha qildi. “Albatta, qilgan ishlarimiz, yo‘limiz to‘g‘ri, lekin buni yanada mukammallashtirishimiz kerak”, — ta’kidladi prezident.
Joriy yil Sirdaryo viloyatining Mirzaobod, Xovos va Sardoba tumanlaridagi 16 ming gektar cho‘l yerlar foydalanishga kiritilib, yarmiga yangi texnologiya asosida paxta ekilgani uchun gektaridan 60 sentnergacha hosil olindi.
Xitoylik investorlar $50 mlnga Boyovut, Guliston, Oqoltin, Xovos va Sirdaryo tumanidagi 30−40 yildan beri hech narsa ekilmagan yana 12 ming gektar tashlandiq yerni tomchilab sug‘orish orqali foydalanishga kiritishni boshladi. 2026-yil ularda paxta yetishtirilib, kamida 60 ming tonna hosil olinadi. Natijada shuncha gektar kam hosilli paxta va g‘alla dalasi qisqartirilib, o‘rnida ozuqa ekinlarini joylashtirishga ruxsat beriladi.
Avvlaroq Gulistondan o‘tuvchi Do‘stlik kanali bo‘yida yirik savdo-ko‘ngilochar majmuasi qurilishi haqida xabar berilgandi.

