Avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki raqamli valyutani sinovdan o‘tkazishi haqida xabar berilgandi. Prezident qarori bilan regulyatorga raqamli valyutani to‘lov sifatida qo‘llash bo‘yicha tajriba-sinovni o‘tkazish chora-tadbirlarini ishlab chiqish topshirildi.

Markaziy bank 2026-yilning 1-apreliga qadar xalqaro konsalting kompaniyalari tavsiyalari asosida Markaziy bank raqamli valyutasini joriy etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqishi va tasdiqlashi kerak.

27-noyabr kuni Markaziy bank raisining o‘rinbosari Nodirbek Achilov raqamli so‘mni joriy etish masalasi birinchi bosqichda chuqur o‘rganilishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, regulyator allaqachon tadqiqotlarni boshlagan va tegishli ishchi guruhlarini shakllantirgan.

Achilov raqamli valyuta turli yo‘l orqali — chakana segmentda yoki faqat banklar o‘rtasidagi (ulgurji) hisob-kitoblarda qo‘llanishi mumkinligini qayd etdi.

“Biz hozir [raqamli valyuta borasida] turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z qarashlarimizni shakllantiryapmiz. Kelgusi yil boshida bu borada yangiliklar bo‘ladi. Umuman olganda, jarayon boshlandi”, — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.

Nodirbek Achilovning qo‘shimcha qilishicha, birinchi bosqich raqamli valyutani turli yo‘nalishlarda joriy etish imkoniyatlarini tadqiq qilish va o‘rganishni o‘z ichiga oladi. Ikkinchi bosqichda Markaziy bank chakana va ulgurji segmentlarda raqamli valyutani joriy etishning amaliy ta’sir tomonlarini chuqurroq o‘rganadi.

Sentabr oyida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov barcha markaziy banklar kabi raqamli valyutalar borasida o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgandi. U raqamli valyutalar bo‘yicha yuqori kutilmalar mavjudligini ta’kidlab, Markaziy bank o‘z raqamli valyutasini chiqarish haqida o‘ylashi kerakligini qayd etdi.

Raqamli valyuta aholi va biznesning chakana to‘lovlari, Markaziy bank va banklar o‘rtasidagi operatsiyalar hamda Markaziy bankning boshqa davlatlar bilan tranzaksiyalarida qo‘llanilishi mumkin. Regulyator raisi barcha variantlarni o‘rganib, sinovdan o‘tkazish istagi mavjudligini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq Markaziy bank milliy to‘lov svitchini ishga tushirishi haqida xabar berilgandi. Milliy valyutadagi barcha to‘lovlar u orqali amalga oshiriladi. To‘lov tizimlari operatorlari Markaziy bankning yagona shlyuzi orqali ishlashi belgilanmoqda.