Noyabr oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi tarixiy rekordni yangilashda davom etdi. Bu haqda Markaziy bank ma‘lumotlarida keltirilgan.
1-dekabr holatiga ko‘ra, regulyator zaxiralaridagi aktivlarning umumiy qiymati $61,23 mlrdni tashkil etdi. O‘tgan oyda mamlakat zaxiralari $1,89 mlrdga yoki 3,2% ga, yil boshidan esa 48% dan ortiqqa oshdi. Shu bilan birga, bu ma’lumotlar e’lon qilina boshlangan davrdan buyon eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Markaziy bank zaxiralaridagi oltin qiymati ham rekordni yangiladi. Qimmatbaho metall narxi bir oyda $3 mlrddan ortiqqa oshib, $50,86 mlrdni tashkil etdi. Oltinning fizik hajmi ham 0,3 mln unsiya — 11,9 mlndan 12,2 mln troy unsiyaga oshdi.
O‘tgan oyda O‘zbekistonning valyuta zaxiralari $1,09 mlrd yoki 10% ga pasaydi. Natijada ularning hajmi $9,81 mlrddan ortiqni tashkil etdi. Bunda xorijiy markaziy banklar va XVJdagi hisob raqamlaridagi valyuta zaxiralari miqdori $979,4 mln, xorijiy banklarda esa $7,3 mlrd bo‘lgan.
Shuningdek, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlarning qiymati sezilarli darajada oshdi. Noyabr oyida ular $503 mln yoki qariyb 50% gacha ko‘payib, $1,52 mlrdga yetdi. Oltin-valyuta zaxiralarida aksiya va obligatsiyalarning ulushi 2,5% ni tashkil etadi.
Sentabr oyida regulyatorning Xalqaro rezervlarni boshqarish departamenti rahbari Sanjar Valiyev Markaziy bank Amerika obligatsiyalariga qo‘shimcha ravishda rivojlangan davlatlar obligatsiyalarini ham sotib olishi mumkinligini ma’lum qilgandi.
Avvalroq Spot prezident Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi oltin resursiga ega istiqbolli maydonga investor jalb qilish bo‘yicha topshiriq bergani haqida yozgandi.
